Breaking News

O'zbekiston-Afg'oniston: Ilk aviareys ketidan navbat prezidentlar uchrashuviga


Afg’oniston Prezidenti Ashraf G’ani 4-dekabr kuni O’zbekistonga tashrif buyuradi. So’nggi payt Afg’onistondagi siyosiy, iqtisodiy jarayonlarda Toshkent faolligi oshib borayotgani kuzatilmoqda.

Afg'oniston rahbarining O'zbekistonga tashrifiga tayyorgarlik
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:08:47 0:00

G’anining tashrifi Afg’onistondagi siyosiy ziddiyatlar kuchaygan, prezident bilan taranglikka borgan afg’onistonlik o’zbeklar yetakchisi general Abdul Rashid Do’stumning Turkiyadan Afg’onistonga qaytayotgani haqidagi ma’lumotlar davriga to’gri keladi. O'zbekiston va Afg'oniston rahbarlari ikki tomonlama hamkorlikka oid bir qator hujjatlar imzolashi kutilmoqda.

29-noyabr kuni Kobul-Toshkent yo’nalishi bo’yicha uchgan ilk yo’lovchi samolyot Toshkent aeroportida tantanali kutib olindi.

Yo'lovchilar qatorida afg'on rahbarining iqtisodiy masalalar bo’yicha maslahatchisi Xumoyun Qayumiy, Rossiya va MDH bilan aloqalar bo’yicha maxsus vakili Shokir Korgar ham bo’lgan. Delegatsiya O’zbekiston Tashqi ishlar vazirligida muzokara o’tkazgan, Toshkentdagi uchrashuvlarga tayyorgarlik muhokama qilingan.

O’zbekiston va Afg’oniston o’rtasidagi hamkorlik hozirgacha davlat rahbarlarining ikki tomonlama oliy tashrifi darajasida muhokama qilingan emas. Afg’oniston bilan hamkorlikni rivojlantirish yangi mintaqaviy ustuvorlik siyosatini olg’a surayotgan Toshkent uchun muhim ko’riladi. Prezident Shavkat Mirziyoyev saylanishi bilanpq Afg’oniston bilan turli sohalarda aloqalarni rivojlantirish, jumladan iqtisodiy hamkorlikni kuchaytirish zaruriyati haqida bayonot bergan edi.

Shundan so'ng aloqalar ancha jonlandi, bir necha bor o'zaro siyosiy muzokaralar o'tkazildi, O’zbekistonda prezidentning Afg'oniston bo’yicha maxsus vakili lavozimi joriy etildi.

Chorak asr avval uzib qo’yilgan ta’lim sohasidagi hamkorlik tiklandi, Termizda Afg'oniston fuqarolarini o’qitish markazi ochildi. Bu markaz Afg’oniston bilan ta’lim sohasidagi hamkorlikni kengaytirish, Afg’onistonga malakali mutaxassislarni tayyorlashga ko’maklashish maqsadida tashkil etilgan. Ta’lim markazi O’zbekistonning moliyaviy ko’magida, O’zbekistondagi ta’lim standartlariga asosan faoliyat yuritadi va gumanitar, pedagogika va muhandislik sohalari bo'yicha kadrlar tayyorlab beradi.

Markaz faoliyat boshlaganicha yo'q, ammo tashabbus Afg'onistondagi o’zbeklar tomonidan iliq kutib olingan. Bu mamlakatdagi o’zbek ziyolilari, yoshlari O'zbekiston bilan madaniy, ta’lim sohasidagi hamkorlik tarixiy zaruriyat ekanligi ta'kidlab kelishadi.

“Yoshlarimiz buni istab kelishyapti, ayniqsa o’zbek tili, adabiyoti bo'yicha o’qiyotgan yoshlarimiz buni yaxshi o’zlashtira olishmayapti. Lozim darajada dars beradigan o’qituvchilarning o'zi, ta’lim dasturlari yo’q. Afg’oniston o’zbeklarining tili, adabiyoti rivojlanishi uchun O’zbekiston tomonidan malakali yordam lozim. Yoshlar o’zbek adabiy tilinimavjud qoidalarga ko’ra o’rganishimiz kerak, deb aytishadi. Chunki Afg'oniston o’zbeklarining ko’pchiligi tilni yaxshi bilmaydi, ayrim maktablarda kitoblar bor, lekin o’qituvchilar yo'q. Umuman til mohiyatini tushuntiruvchi mutaxassilar kerak, bu faqat O’zbekistonning yordami bilan bo’ladi”, - deydi afg’onistonlik yoshlardan biri.

Prezident Ashraf G’anining O’zbekistonga tashrifi shimoldagi o’zbeklar yetakchisi general Do’stum bilan munosabatlari ziddiyatlashgan bir paytga to’g’ri kelmoqda. Shu taranglik bois Turkiyaga chiqib ketgan Do’stumning yaqin kunlarda Afg’onistonga qaytgani yoki qaytayotgani haqida xabarlar mavjud.

Turkiyada G’ani hukumatiga qarshi muxolif kuchlarni birlashtirishga erishgan generalning Afg’onistonga qaytishi mamlakatdagi siyosiy jarayonda o’zgarishlar qilishi mumkin. Do’stum so’nggi bor O’zbekistonga marhum Islom Karimov qabrini ziyorat qilish uchun borgan, u safari davomida o’zbek rasmiylari bilan muzokara o’tkazgani aytiladi. Ammo Toshkent Do’stum bilan mavjud munosabatlarni ham, muzokaralar o’tkazilganini ham ochiqlamagan.

O’zbekiston Afg’onistonda urushga tortilgan qarama-qarshi tomonlar, xususan hukumat, Tolibon va boshqa guruhlar o’rtasida muzokaralar o’tkazilishini yoqlab keladi. Bu pozitsiyada afg’onistonlik ko’p millionli etnik o’zbeklar haqida gap yo’q. Avvalroq afg’on rasmiylari Toshkent muloqotni O’zbekistonda o’tkazish tashabbusi bilan chiqqani haqida ma’lum qigan edi.

Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov yaqinda qilgan chiqishida O’zbekiston Afg’oniston barqarorligini maqsad qilgan muloqotni qo’llab-quvvatlashini, bunday muloqotni Afg’onistonning o’zida o’tkazish maqsadga muvofiq ekanini aytgan.

“Tolibon ham afg'on jamoasining bir qismi, ular ham afg’on fuqarolari. Shuning uchun ularni chetga chiqarib qo’ymasdan afg’on hukumati muloqotni boshlashi kerak. Hozir tolibonlar ham, Kobuldagi hukumat ham muzokara uchun o’tirishga tayyor, lekin boshlanishi juda qiyin bo’lyapti. Chunki har ikki tomonning ham o’ziga yarasha shartlari bor. Hozir eng asosiysi shu jarayonni olib borish haqida muzokara boshlash kerak, boshqa tomonlarini keyin kiritish mumkin bo'ladi. O’zbekiston har qanday formatdagi muzokaralarni qo’llab-quvvatlaydi”, - degan edi Komilov.

Afg'onistondagi, ayniqsa shimoldagi vaziyatda general Abdul Rashid Do’stumning mavqei muhim ahamiyat kasb etadi. Do’stum Juzjon viloyati sobiq hokimi Ahmad Ishchiga nisbatan zo’ravonlik qilganlikda ayblanishi ortidan may oyida Turkiyaga chiqib ketgan. U Istanbulda Afg’oniston shimolidagi etnik guruhlarning yetakchilaridan iborat “Afg'onistonni qutqarish yo’li” nomli muxolif harakatini tuzdi.

Shu kunlarda Afg'onistonga qaytayotgan Do’stum muxolifat tarafida bo’ladimi, vitse-prezidentlik lavozimiga qaytadimi, aniq emas. Generalning qaytishini birlashgan muxolifatdan cho’chigan prezident tashkillashtirayotgani, Ashraf G’ani va Do’stum o’rtasidagi ziddiyat Toshkentda o’tadigan muzokaralarda ham muhokama qilinishi ehtimoli mavjud.

4-dekar kuni Shavkat Mirziyoyev va Ashraf G’ani o’rtasida kutilayotgan muzokaralar davomida hamkorlikka oid qator hujjatlar, jumladan Afg'onistonga sotilayotgan elektr energiyasi hajmi oshirilishi, o’zbekistonlik mutaxassislar ishtirokidagi yangi obyektlar qurilishi haqidagi kelishuvlar imzolanishi xabar qilinmoqda.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG