O`zbekiston Afg`oniston bilan hamkorlikni rivojlantirish, o`zaro savdo-sotiqni kuchaytirish niyatida. Muvaqqat prezident Shavkat Mirziyoyev Afg`onistonning O`zbekiston uchun yangi bozor bo`lishiga diqqat qaratmoqda. U bu haqda Afg`oniston bilan chegaradosh hudud Surxondorya viloyatiga qilgan safari davomida gapirgan. Toshkent qo'shni yurtga mahsulotlar yetkazishga ixtisoslashgan yirik xalqaro logistika markazini ishga tushirish va turli bitimlar imzolash vazifasi yuklatilgan rasmiy delegatsiyani Kobulga jo`natishga hozirlanmoqda.
Muvaqqat prezident Shavkat Mirziyoyevning Afg`oniston bilan hamkorlikni oshirish tashabbusi, asosan, iqtisodiy manfaatga tayanayotgani bilan marhum Karimov daridagidan biroz farqli ko`rinadi.
Surxondaryo viloyatiga qilgan safari davomida chegara yaqinida bunyod etilgan xalqaro logistika markazi va bojxona terminali faoliyati bilan tanishgan Mirziyoyev Afg`oniston bilan hamkorlikka, mamlakat uchun yangi bozorlar topish zaruratiga ahamiyat qaratgan.
“Dunyoning eng katta muammosi bu bozor topish. Har bir davlat o`z mahsulotlarini sotish bo`yicha juda katta harakatlar qiladi. Biz bozor topish uchun avval o`zimizda sharoitlar yaratishimiz kerak”, - dedi Mirziyoyev.
Muvaqqat prezidentga ko`ra, barcha sharoitlarga ega xalqaro logistika markazi va bojxona terminalining ishga tushirilayotgani iqtisodni liberallashayotganidan darak. Afg`oniston bilan hamkorlikda savdoni qayta jonlantirish va bu borada qo`shimcha bitimlar imzolanishi rejalshtrilagan.
“Qo`shni Afg`oniston davlati prezidentining eng og`ir kunlarimizda kelib ketgani (Karimovning dafn marosimi nazarda tutilmoda) elimizga, prezidentimizga bo`lgan katta e`tibor. Bryusselda tashqi ishlar vazirimiz u bilan (Afg`oniston prezidenti bilan) uchrashib, hamkorlikni mustahkamlash haqida gaplashdi. Yaqinda esa Tashqi ishlar vazirligimizdan vakillar Afg`onistonga borib, hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan yirik bitimlarga imzo chekib keladi. Biz mehnatkash afg`on xalqining tinchligini, osoyishtaligini, munosabatlarimizni mustahkamlashga harakat qilamiz ”, - dedi O'zbekiston rahbari.
O`zbekiston delegatsiyasining Afg`onistonda o`tkazgan rasmiy uchrashuvlari haqida ma`lumot juda oz. Odatda, bunday muzokaralar xalqaro anjumanlar doirasida yoki uchinchi davlatlar vositachiligida yuritilgani kuzatilgan. Shu ma`noda Mirziyoyev nazarda tutayotgan delegatsiya safari O`zbekiston-Afg`oniston hamkorligida yangi sahifa ochishi mumkin, deydi ayrim kuzatuvchilar.
Afg`oniston bilan hamkorlik O`zbekistonning G`arb, jumladan, AQSh bilan aloqalarida ahamiyat kasb etib kelayotgan masalalardan. G`arb, NATO qo`shinlari uchun Afg`oniston bilan temir yo`l vositasida tutashgan O`zbekiston hududi muhim o`rin tutadi.
Bu temir yo`l Afg`onistondagi xalqaro harbiy koalitsiya uchun asosiy ta`minot tizimi vasifasini ham bajargan, xalqaro qo`shinlar, noharbiy uskunalar shu yo`l orqali olib chiqilgan edi.
Qurilishi bir muncha avval boshlangan xalqaro logistika markazi (Termez Cargo Сentre) Afg`onistonga mol yetkazish, saqlash va yuklashga ixtisoslashgan markaz hisoblanadi. O`zbekiston tomonidan dunyo standartlariga javob berishi ta`kidlanayotgan bu markazga xalqaro maqom berilgan. Uning Afg`onistonga yuk yetkazishda asosiy tranzit yo`li bo`lishiga umid qilinayapti.
5-oktabr kuni Bryusselda o`tgan donor davlatlar ishtirokidagi xalqaro konferensiyada Afg`oniston barqarorligi uchun moliyaviy ko`mak ko`rsatish masalasi muhokama qilingan edi. Unda ishtirok etgan Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov O`zbekiston Afg`onistonni quvvatlashga tayyorligini aytdi. Avvalroq BMT Bosh assambleyasi yig`ilishidagi chiqishida esa Komilov Afg`onistondagi vaziyat haqida, xususan, bu mamlakatda barqarorlik o`rnatilishida donor davlatlarning o`z majburiyatini bajarishi muhimligi haqida gapirgan edi.
Afg`onistondagi vaziyatning Markaziy Osiyoga tahdid solayotgani marhum prezident Islom Karimov tomonidan ko`p ta`kidlangan. Bu pozitsiya Toshkentning Afg`onistonga nisbatan o`ta ehtiyotkorona munosabati shakillanishiga hissa qo'shishi bilan birga Karimov davridagi geosiyosiy muvozanatga ham xizmat qilib kelayotgan tamoyillardan biri edi.
Afg`oniston bilan hamkorlikni rivojlantirish lozimligi muvaqqat prezident Shavkat Mirziyoyevning qo'shni yurt haqida bildirgan dastlabki ochiq munosabati. Bu yondashuv ko`proq iqtisodiy manfaatlarga asoslanayotgani aytiladi.