Breaking News

O'zbekiston Afg'oniston muzokaralarida faol ishtirok etmoqchi


Termiz aeroportida Afg'oniston uchun atalgan gumanitar yordam samolyoti, 8-noyabr, 2001-yil.
Termiz aeroportida Afg'oniston uchun atalgan gumanitar yordam samolyoti, 8-noyabr, 2001-yil.

O`zbekiston Afg`oniston bo`yicha muzokaralarda yetakchilardan biri bo`lmoqchi. Rasmiy Toshkent toliblar bilan muloqotni qo`llab-quvvatlashini, muzokaralarni O`zbekistonda o`tkazishga tayyorligini bildirgan. Bu tashabbus Afg`oniston vitse-prezidenti, general Abdulrashid Do`stumning O`zbekistonda ekani haqidagi ma`lumotlar ortidan kuzatilmoqda.

Muvaqqat prezident Shavkat Mirziyoyev Afg`oniston bilan hamkorlikni rivojlantirish tarafdori, yangi hukumat afg`on yo`nalishida o`z siyosatini jiddiy kuchaytirishga hozirlik ko`rayotgani ta`kidlanyapti.

O`zbekiston toliblar bilan muzokara qilish qarorini nafaqat qo`llab-quvvatlashi, balki aniq ko`mak ko`rsatish maqsadida muloqotni o'z hududida o`tkazish taklifini ham bildirgan. Bu haqda Afg`oniston prezidentining MDH davlatlari bilan hamkorlik bo`yicha maxsus vakili Shakir Kargar Toshkentda o`zbek rasmiylari bilan o`tgan muzokarasi natijasida bildirgan.

Islom Hamkorlik Tashkilotining Toshkentdagi yig`inida qatnashgan Shakir Kargar O`zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov bilan ikki tomonlama munosabatlarni muhokama qilgan edi.

Afg`oniston masalalari bo`yicha rossiyalik ekspert Andrey Serenkoga ko`ra, Toshkent afg`on masalasi bo`yicha ikkinchi darajali bo`lish yoki uchinchi tomon vositasida manfaatlarini olg'a surish qaroridan chekinmoqda. Yangi hukumat afg`on inqirozi muzokaralariga mustaqil, teng ishtirokchi sifatida qo`shilmoqchi, deydi u.

“Muloqot uchun maydon taklif etish albatta jiddiy qaror, bu degani o`yinlar ketayotgan muzokara maydoniga O`zbekiston ham mustaqil ishtirokchi sifatida qo`shilishga tayyor, xuddi Pokiston, Eron, Rossiya kabi. Bu bilan Toshkent ikkinchi darajali ishtirokchi emas, mintaqada o`z mustaqil manfaatlari bo`lgan teng huquqli ishtirokchi bo`lishiga ishora bermoqda”, - deydi ekspert.

Rasmiy Toshkent tashabbusi Afg`onistondagi vaziyat qaltis qolayotgan, shimoldagi o`zbeklar yetakchisi general Abdulrashid Do`stum va markaziy hukumat o`rtasida ziddiyatlar kuchaygan bir paytda kuzatilmoqda. Shimolda toliblarga qarshi harbiy amaliyotlar o`tkazgan general markaziy hukumat, Prezident Asgraf G`ani unga faoliyat imkoniyatini bermayotganini, prezidentlik saylovlarida uni qo`llagan 5 milliondan oshiq o`zbeklar jamoasiga va`da qilingan vakolatlar unutilganini, bu vaziyat o`zgarmaguncha poytaxtga qaytmasligini aytib chiqqan edi.

Tasdiqlanmagan xabarlarga ko`ra, ayni paytda vitse-prezident, general Do`stim O`zbekistonda, u norasmiy maqomdagi bu safarida marhum prezident Islom Karimov qabrini ziyorat qilishni rejalagan.

Andrey Sirenkoning aytishicha, general Do`stum toliblarning ayovsiz raqibi sifatida tanilgan, markaziy hukumat bilan ziddiyatlari ortidan O`zbekistonga safar qilishni rejalagani Toshkentning afg`on masalasida jiddiy faollikka hozirlanayotganidan daololat beradi.

“Ashraf G`ani va doktor Abdulla bilan janjallashib qolgan general Do`stum ayni paytda Toshkentda, bu majburiy safardek. Ya'ni Afg`oniston hukumatidagi ikkinchi odam Toshkentda bo`lib turganining o`zi O`zbekiston uchun siyosiy dastak. Shuning uchun ham O`zbekiston afg`on yo`nalishi bo`yicha yanada faolroq, qat`iyatliroq harakat boshlaydi. Bir tomondan Do`stum toliblarga qarshilik qilayotgan asosiy kuchlardan, ikkinchi tomondan Toshkent muloqotga rozi, buning uchun maydon taklif qilmoqda. Bu esa o`z-o`zidan Afg`oniston hukumati ishtirokisiz o`tmaydi. O`zbekiston afg`on muzokarasi bo`yicha mintaqadagi yetakchi kuch bo`lmoqchi”, - degan fikrda Sirenko.

Mintaqa bilan chegaradosh Afg`oniston shimolida nafaqat toliblar, balki mintaqa fuqarolaridan iborat radikal jangarilar guruhi to`plangani, Suriyadagi urushda ishtirok etayotgan o`zbekistonlik jihodchilar ham Afg`onistonga o`tish harakatida ekanligi haqida xavotirlar bor.

10-noyabr kuni AQShning Tojikistondagi elchixonasi Afg`onistondagi terrorchi jangarilardan iborat guruh chegarani kesib o`tgan bo`lishi, Tojikistonda xurujlar uyushtirilishi mumkinligidan ogohlantirdi. "Reyter" axborot agentligining yozishicha, elchixona tojik-afg`on chegarasida yoki mamlakatdagi gavjum joylarda terror xuruji sodir etilishi mumkinligi haqida ma`lumotga ega.

Andrey Sirenkoga ko`ra, Afg`oniston shimolida Markaziy Osiyo fuqarolaridan tashkil topgan islomiy jangarilar to`nlanayotgani anchadan buyon kuzatilmoqda.

“Afg`onistonning Badaxshon viloyatida aksariyati Rossiya va Markaziy Osiyodan bo`lgan jangarilar to`plangani haqida ma`lumotlar bor. Ularning rejasi, albatta, faqat Afg`onistondan iborat bo`lmaydi”, - deydi u.

O`zbekiston va Afg`oniston munosabatlari so`nggi paytda, O`zbekistonda hokimiyat almashishi ortidan ancha kuchaygan.

Muvaqqat prezident Shavkat Mirziyoyev Afg`oniston bilan turli sohalarda hamkorlikni rivojlantirish niyatida. Ikki oy avval muvaqqat boshqaruvga kelgan Mirziyoyev o`zbek-afg`on chegarasiga tashrif buyurib, Afg`onistonga mahsulot yetkazishga mo`ljallangan xalqaro transport logistika markazini ishga tushirishga ulgurdi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG