Breaking News

AQSh qonunchisi: General Do'stum bilan yaqindan ishlashimiz kerak


Kongress Vakillar palatasi a'zosi Dana Rorabaker
Kongress Vakillar palatasi a'zosi Dana Rorabaker

Afg'onistondagi vaziyat va Prezident Barak Obamaning mintaqada olib borgan siyosati haqida Kongress a'zolari qanday fikrda? "Amerika Ovozi" Afg'on xizmati Kaliforniya shtatidan saylangan Dana Rorabaker bilan suhbatlashdi.

Amerika Ovozi: AQSh ilk bor Pokistonning Balujiston viloyatida Tolibon yetakchisini nishonga oldi. Bu narsa, Afg'oniston elchisi Zalmay Xalilzod aytganidek, AQSh siyosatida jiddiy o'zgarish yuz berganini bildiradimi?

Dana Rorabaker: AQSh Pokistonning norozi bo'lishiga e'tibor bermayotgani, havo hududiga kirishdan tortinmayotgani juda ijobiy holat. Biz bunga ortiq e'tibor bermaymiz. Terrorchi minglab begunoh afg'onlarni o'ldirishidan oldin biz ichkariga kirib uni o'ldiramiz.

Amerika Ovozi: Demak, Amerika Tolibon yetakchilaridan iborat Sho'ro kengashini ham kelajakda nishonga oladimi?

Dana Rorabaker: AQSh uchun yoppasiga bir hududni bombardimon qilgandan ko'ra, terrorchi tashkilotlarning yetakchilarini yo'q qilgan yaxshi. Shunda oddiy odamlarga yetayotgan zararni kamaytiramiz.

Amerika Ovozi: Oq uy Afg'onistondagi isyonchi guruhga qarshi Amerika askarlarini yana bir bor hujumga tashlash haqida o'ylanmoqda. Bu masalada siz Oq uyga qanday maslahat berasiz?

Dana Rorabaker: Afg'onistondagi harbiy amaliyot afg'onlar tomonidan amalga oshirilishi kerak, deb o'ylayman. Biz ularga havo orqali yoki xavfsizlikni ta'minlash uchun kerak bo'ladigan qurollar bilan yordam berishimiz mumkin.

Amerika Ovozi: 2001-yildan beri AQSh Pokistonga 30 milliard dollardan ortiq yordam berdi. Siz Pokistonga ko'mak shartli asosda berilishi kerak, deysiz. Bu Pokistonning terrorga qarshi kurashda ishonchli hamkor emasligini bildiradimi?

Dana Rorabaker: Pokiston AQShga emas, terrorchilar uchun ishonchli hamkor. Bu davlat o'n minglab odamlarni o'ldiradigan kimsalar uchun boshpana sifatida shuhrat qozongan. Shunday hukumatga millionlab dollar yordamni davom ettirish aks natija beradi.

Amerika Ovozi: 17-may kuni chop etilgan maqolangizda Afg'oniston Vitse-prezidenti General Do'stumni Vashingtonga olib kelishni va Davlat kotibi Jon Kerridan unga viza berishini shaxsan so'rashingizni yozgansiz. Nega uni Vashingtonga olib kelishga bunchalik qattiq intilyapsiz?

Dana Rorabaker: Pokistonda davom etayotgan bezorilikka asoslangan bu faoliyatni to'xtatishni istasak, Afg'oniston hukumatida mana shunday kuchlarni yenga oladigan, shunga jasorat qila oladigan kimdir bo'lishi kerak. Do'stum Afg'oniston hukumatidagi eng qo'rqmas va sinalgan harbiy tajribaga ega odamlardan biri. Hukumatda ko'p yaxshi odamlar bor, ammo ular terrorchilarga qarshi harbiy amaliyotlarni boshqara oladigan, terrorchilarni yo'q qila oladigan darajada emas. Shuning uchun biz Do'stum bilan birga ishlashimiz, radikallashmagan afg'on hukumati yashab qolishida u muhim shaxs ekanini tan olishimiz kerak.

Amerika Ovozi: Bu fikrga ayrimlar qo'shilmaydi. Do'stum urush jinoyatchisi va shunga yarasha munosabatga loyiq, deydiganlarga nima deysiz?

Dana Rorabaker: Dunyoda ko'plab qo'mondonlar va jinoyatchilar bor. Siz uchun kim haqiqiy tahdid ekanini aniqlashingiz kerak. Oilangiz, mamlakatingiz mustaqilligi va erkinligi uchun eng katta tahdid kim? Bu holatda general Do'stum xavfli emas. Aksincha, tahdid Saudiya Arabistoni va Pokiston tomonidan moliyalanadigan radikal islomchilardan keladi. Janob Do'stum etnik yetakchi bo'lgani, qurolli tarafdorlarga egaligi, urushda shafqatsiz bo'lgani kabi ayblovlar, to'g'ri bo'lgan taqdirda ham, u bilan ishlay olmaysiz, degani emas. U mamlakatni egallab olishga urinayotgan va bu jarayonda yuz minglab odamlarni qirayotgan radikal musulmonlarni to'xtata oladigan odam. Shunday ekan, u bilan ishlash yaxshi. Biz ilgari u qadar kuchli bo'lmagan shaxslar bilan ham ishlaganmiz va kattaroq tahdid bo'lgan dushmanlarni yengganmiz. Dushmanimizning dushmani do'st bo'ladi va hozirgi holatda radikal islomchilar Afg'onistonga tahdid solmoqda. Ular Pokistonda joylashgan va Do'stim kerakli ishni qila oladigan yetakchi.

Amerika Ovozi: Afg'oniston hukumati "Hizbi Islomiy" guruhi rahbari Gulbiddin Hikmatyor bilan tinchlik kelishuviga erishgani uchun olqishlandi. Ko'pchilik buni zo'ravonlikni tugatishga qaratilgan navbatdagi qadam sifatida baholamoqda. Shu fikrga qo'shilasizmi?

Dana Rorabaker: Yo'q, qo'shilmayman. Hikmatyor dunyoning bu qismida men tanigan eng yovuz odamlardan biri. Yetakchi liderga aylana olmagani uni ko'plab vatanparvar afg'onlarning o'limi uchun mas'uliyatdan qutqara olmaydi. Kobulni o'qqa tutib, minglab begunoh odamlarni o'ldirgan uning askarlari edi. Gulbiddin kechirilmasligi kerak, deb o'ylayman. Balki uni Pokistonga ta'tilga jo'natish kerakdir?!

Amerika Ovozi: Agar Hikmatyor Afg'oniston hukumatiga qo'shilsa, uni Vashingtonga taklif qilasizmi?

Dana Rorabaker: Sizga shuni aytaman. Agar Gulbiddin Afg'oniston hukumati a'zosi bo'lsa, u shu mansabdan foydalanib, o'zi va radikal hamtovoqlari hokimiyatni egallashi uchun hukumatning boshqa vakillarini o'ldiradi.

Amerika Ovozi: Suhbat uchun tashakkur.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG