Breaking News

AQSh: Kobul va Hikmatyor muzokaralariga qarshi emasmiz


"Hizbi Islomiy" guruhi rahbari Gulbiddin Hikmatyor
"Hizbi Islomiy" guruhi rahbari Gulbiddin Hikmatyor

AQSh Afg'onistonda sobiq bosh vazir Gulbiddin Hikmatyorning "Hizbi Islomiy" guruhi va Kobul o'rtasida olib borilayotgan tinchlik muloqotiga qarshi emas. Davlat departamenti rasmiysining "Amerika Ovozi"ga aytishicha, Vashington afg'onlar tashabbusi va yetakchiligi bilan o'tadigan yarashuvni hech qanday shartlarsiz qo'llab-quvvatlaydi.

Prezident Ashraf G'ani tashkil etgan Afg'oniston Oliy tinchlik kengashi va "Hizbi islomiy" guruhi bir necha oylik muzokaralardan so'ng dastlabki kelishuvga erishgan. Agar u ma'qullansa, tomonlar uzoq yillik qurolli to'qnashuvlarga chek qo'yishi kutilyapti.

Kelishuvga ko'ra, Hikmatyor va uning Pokistondagi minglab tarafdorlari to'la oqlangan holda Kobulga qaytishi kerak.

"Hizbi Islomiy"ning asosiy muzokarachisi Amin Karimning aytishicha, Hikmatyor kelishuv shartlaridan biri sifatida xorijlik qo'shinlarning mamlakatni butunlay tark etishini ortiq talab qilmaydi. Hozirgacha muloqotning olg'a siljishiga to'siq bo'layotgan asosiy masala shu edi.

O'tgan asrning 80-yillarida Gulbiddin Hikmatyor sovetlarga qarshi keskin kurashi bilan tanilgan mujohidlar guruhiga yetakchi edi. 1992-yil Afg'oniston mujohidlar nazoratiga o'tgach, bosh vazir etib tayinlangan. Ammo oradan ko'p o'tmay guruhlar orasiga nizo tushib, fuqarolar urushi boshlanib ketadi va 1996-yilga kelib Kobulni Tolibon guruhi egallaydi.

Huquq tashkilotlari Hikmatyor guruhi va uning raqiblarini fuqarolar urushi davrida og'ir jinoyatlarni sodir etganlikda ayblaydi.

O'tgan 13 yil davomida "Hizbi Islomiy" Kobul hukumati va xalqaro kuchlarga qarshi kurashib keldi. Gulbiddin Hikmatyor AQSh tomonidan "global terrorchi" deya tamg'alangan va BMT qora ro'yxatiga qo'shilgan. Yangi kelishuv bo'yicha, Afg'oniston hukumati Hikmatyorga qo'yilgan xalqaro taqiqlarni bekor qilishga harakat qiladi.

AQSh rasmiysining aytishicha, ayrim shartlarga to'g'ri keladigan kelishuvga erishilsa, Vashington jazo choralarini bekor qilish masalasida Afg'oniston hukumati va BMT Xavfsizlik kengashi a'zolari bilan ishlashga tayyor.

Kelishuv yaqin orada Afg'oniston Prezidenti Ashraf G'ani tomonidan imzolanishi kutilayotgan bo'lsa ham, AQSh Hikmatyorni qachon terrorchilar ro'yxatidan chiqarishi ma'lum emas. Isyonkorni BMT qora ro'yxatidan chiqarish uchun esa Kobul xalqaro tashkilotga rasman murojaat qilishi kerak.

Ayrim afg'onlar nazarida Hikmatyorning tinchlik jarayoniga qo'shilishi Tolibonni ham shunday yo'l tutishga undashi mumkin. Boshqalar esa, aksincha, Tolibon kurashni kuchaytirish yo'lidan bormoqda, deydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG