Amerika matbuotiga ko'ra, Afg'oniston Vitse-prezidenti Abdulrashid Do'stumga AQShga kelish uchun viza berilmagan. Do'stumning matbuot xizmati bu ma'lumotni inkor etmoqda.
General ayni damda shimolda terroristlarga qarshi choralar ko'rish bilan band va yaqin kelajakda okean ortiga safar qiladi, deydi o'zini Shahboz Iraj deb tanishtirgan so'zlovchi.
25-aprel kuni nufuzli "The New York Times" gazetasi Afg'onistonning ikkinchi eng yuqori lavozimli rasmiysi Vashingtonga kelish uchun viza so'raganida rad etildi, degan xabar tarqatdi.
Gazetaning ishonchli manbalarga tayanib bayon qilishicha, Davlat departamenti bu qarorini shu oy Kobulga yetkazgan va Do'stumning Nyu-York va Vashingtonga rejalangan safari ortiqcha shov-shuvsiz bekor qilingan.
Davlat departamenti viza berish shaxsiy masala deya ro'kach qilib, qarorni tushuntirmaydi, lekin shunisi aniqki, Do'stum Amerika siyosiy doiralarida salbiy tilga olinadi.
Davlat departamentining o'zi generalni o'tmishda qabilaviy qo'mondon deya atagan. Afg'onistondagi sobiq elchilar, jumladan, Karl Aykenberri uni Afg'onistondagi katta to'siq, muammo deya tilga olgan.
Afg'onistonning hozirgi prezidenti Ashraf G'ani ham Do'stumni o'tmishda "hamma biladigan qotil" deb aytgan, biroq 2014-yilda davlat rahbari lavozimiga saylanishga bel bog'laganida general bilan til topishishga majbur bo'lgan. Chunki Do'stum mamlakatdagi millionlab o'zbeklar orasidan chiqqan va ular tomonidan yetakchi deb qaraladigan shaxs.
Do'stum o'tgan 40 yil ichida Afg'onistondagi urush va mojarolarda muhim rol o'ynab kelayotgan arbob.
"Amerika Ovozi" bilan suhbatda u Amerikaga kelish niyati qat'iy ekani, Pentagon va Kongressda yaqin do'stlari borligi va ular bilan Afg'onistondagi bugungi vaziyat haqida gaplashish maqsadida ekanini aytdi.
Obama ma'muriyati Do'stumni urush jinoyatlarida gumon qilib, tekshirayotgani haqida 2009-yilda ma'lum qilgan.
2001-2004-yillar orasida generalga nisbatan qator ayblovlar yangragan va ular hamon tingan emas, deya yoritadi "The New York Times" gazetasi.
Afg'oniston hukumatining o'zi bu masala bilan hech qachon shug'ullanmagan.