Afg’onistonning shimoliy viloyatlari beqaror. Vitse-prezident Abdul Rashid Do’stum Juzijon viloyatining Qo’shteppa tumani, so’ngra Faryobga bordi. Uning yetakchiligidagi kuchlar Tolibonning bir necha a’zosini o’ldirgani, askarlar yaralangani hamda jangarilar asirga olingani haqida ma’lumotlar bor. Qurol-yaroq ham harbiylar qo’liga tushgan.
Qo’shteppa tumanida ikki harbiyning boshi tanasidan judo qilingan. General Do’stum shu bois ham shimolda va amaliyotlar boshlagan. General askarlar oilasiga ta’ziya bildirgan.
“Askarlarning boshini tanasidan judo qilish ishini amalga oshirishga bu yerdagi jangarilarning aqli yetmaydi. Ular xorijiy maslahatchilari bilan aloqada. Har lahza buyruq olishadi. Jangarilar o’z odamlarining hammasini bir yerga to’plagan edi, asosan Qo’shteppani bosib olish maqsadida. Bu yer ular nazoratiga o’tishi bilan Faryob, Saripul tahdid ostida bo’lar edi”,- deydi General Do’stum.
Vitse-prezidentning rasmiy sahifasida yozilishicha, Qo’shteppada o’tkazilgan harbiy amaliyot natijasida Tolibon qo’mondonlaridan Qori G’ani va yana 36 jangari halok bo’lgan. O’lganlar orasida uch o’zbekistonlik ham bor, deb aytiladi.
Ayrimlar General Do’stumning jangga rahbarlik qilishiga qarshi. Urushni bahona qilib boshqa elatlarni qatl qilayapti degan da’volar yangramoqda. General deydiki, bu tanqidlar ortida xorijdagi kuchlar turibdi.
“Ular Pokistonning josuslik xizmatidan ilhomlanib shunday deyishadi. Tolibon, Daish va O’zbekiston Islomiy Harakati jangarilarini yomonlash o’rnida menga tuhmat bog’lashadi. Bu masala hatto xorijiy hamkorlarimizni ham tashvishga solgan edi. Mening gunohim shuki, men vatanimni himoya qilaman. Askarlarni qatl etayotganlar, noto'g’ri fatvolar chiqarib ayollarni toshbo’ron qilayotganlarga qarshi kurashaman”,- deydi General Do’stum.
“Xudo xohlab sulh muzokaralari natija bersin. Jangarilar ham ularning o’ylagan rejalari va amalga oshirayotgan ishlari natija bermasligini anglab yetgan bo’lishi kerak. Ayniqsa bular shimolni beqaror qilishga harakat qiladilar. Men tirik ekanman, bu narsa mumkin emas. Men ularning hatto to’qqiz ming odamini asir olib keyin ozod etganman vaqtida”,- deydi General.
Ba’zi o’zbeklar nazarida xavfsizlikni ta’minlashga qaratilgan har bir harakat albatta natija beradi, lekin mavzuni juqurroq anglab, asosiy ishlar bajarilishi kerak. Hukumatda ham xavfsizlik ta’minlanishiga qarshi odamlar bor, deydi ayrim kuzatuvchilar, ba’zilari juda nufuzli.
“O’shalarning o’zlari o’lkani shunday bir ahvolga olib kelgan. Shunday ekan, ular qanday qilib urushlarni rahbarlik qilsin va jangarilarga qarshi qanday qilib kurashsin. General Do’stum harbiy sohasidagi tajribasidan foydalanib urushlarni rahbarlik qilmoqda”,- deydi Muhammad Sharif Razzoqyor ismli faol.
Qulnazar degan yana bir o’zbek deydiki:
“Bu harakat xavfsizlik uchun, shimol yashovchilari uchun juda foydali. General Do’stum qayerga bormasin xavfsizlikni ta’minlaydi”.
Qo’shteppa yashovchilaridan bo’lgan Humoyun Aziziy fikricha, General Do’stum bu yerni tark qilishi bilan mahallani tark etgan qurollilar yana qaytgan. Vaziyat avvalgi holida. Hech narsa o’zgargani yo’q.
“Ikki-uch kun vaziyat yaxshi edi. Qatnov yo’llar ochiq edi. Odamlar qo’rmasdan o’z tirikchiligini qilar edi. Lekin General Do’stum va harbiylarning Shibirg’ongan qaytishi bilan Tolibon yana maydonni egallagan. Odamlarni ularga non-osh tayyorlab berishga majburlamoqda”,- deydi Humoyun Aziziy.
Faryobdagi amaliyotlar natijasida 120 jangari asir olingan, 20 qishloq jangarilardan tozalangan. Tolibonning muhim qarorgohlari nobud qilingan. Harbiylar havo kuchlari tomonidan dastaklanadi.
Lekin toliblar Faryobda odamlari asir olinganini rad etadi. Guruhning matbuotga bildirishicha, ular har qanday urush uchun tayyor. O’zini Tolibon guruhi so’zlovchisi deb tanishtiradigan Zabihullo Mujohid uning safdoshlari Juzijonni tark etganini inkor etadi. General Do’stumga qarshi urushga barcha choralar ko’rilmoqda, deydi u.