AQShning Birlashgan Millatlar Tashkilotidagi elchisi Nikki Heyli "Amerika Ovozi" bilan suhbatda global ahamiyatga ega mavzular yuzasidan o'z qarashlarini izhor etdi.
SHIMOLIY KOREYA
"Janubiy va Shimoliy Koreya o'zaro gaplashayotgani yaxshi, lekin Pxenyandan kelayotgan tahdidni ko'zdan qochirmaylik. Bu davlat raketa sinovlarini to'xtatmas ekan, atom qurollaridan voz kechmas ekan, ehtiyot bo'lishimiz lozim. Muzokaralar oldin ham bo'lgan, amalda ham real qadamlar tashlanishi kerak. AQSh va xalqaro hamjamiyat bosimni davom ettiradi".
AFG'ONISTON
"Afg'oniston o'zini himoya qila oladigan, o'zini boshqara oladigan davlatga aylanishi kerak. Bu katta mas'uliyat talab qiladi. AQSh bu jarayonni qo'llab-quvvatlashga tayyor. Hozir mamlakatda korrupsiyaga qarshi kurash ketmoqda. Nafaqa yoshi 72 dan 60 ga tushirilgach 4000 harbiy, jumladan 70 general pensiyaga chiqdi, ular o'rnini yoshlar egallamoqda. Qizlar maktabga borayapti, xotin-qizlarning jamiyatdagi roli o'zgarmoqda. Muhimi, Tolibon zaiflashgan va hukumat bilan muzokara qilishga yaqin".
POKISTON
"Har gal Afg'oniston oldinga siljiganda Pokiston o'z hududidagi terrorchilar orqali ishni buzadi. Bu tahdiddan qutulmasak, Afg'oniston xavfsiz va barqaror bo'lolmaydi. Pokistonga bu haqda aytdik, hamkorlik qilishga harakat qildik, natija bo'lmadi. Shu bois yordamni uzdik. Ular bizning askarlarga o'q uzadigan terroristlarga boshpana berib, bizdan yana milliardlab dollarlik harbiy madad olishadimi? Shu bois yordamni to'xtatdik, bu Islomobodga signal".
FALASTIN
"Falastinliklar AQShning tinchlik jarayonidan chiqishini talab qilmoqda, bizga ishlari tushmasligini aytishmoqda. BMTda bizga nisbatan o’zlarini dushmanona tutishmoqda. Ham pul beraylik ularga, ham ulardan gap eshitaylikmi? [Falastinlik qochqinlarga yordam beradigan BMT idorasiga] pulni o’tgan oy BMT Bosh Assambleyasida Falastin foydasiga ovoz bergan mamlakatlar bersin endi".
ERON
"Eron bilan yadro sohasida imzolangan kelishuv xavfli. Sanksiyalar qisman bekor qilingani sharofati bilan] milliardlab dollar pul olib, yadroviy programmani cheklashdi, ammo raketalarni sinovdan o'tkazishmoqda, terrorizmni qo'llash-quvvatlashmoqda, qurol sotishmoqda. Bu xatti-harakatlar BMT Xavfsizlik Kengashi rezolyutsiyalariga zid".
MYANMA
"Dahshatli gumanitar inqirozga guvoh bo'lib turibmiz - bolalarning yoqib yuborilishi, ayollar zo'rlanishi, oilalar o'ldirilishi, minglab musulmonlar Bangladeshga qochisi... BMT maxsus elchi tayinlab, Myanma va Bangladeshga yuborishi lozim. Myanma harbiylariga bosimni oshirdik, vaziyatni o'rganish uchun borgan "Reyter" agentligining ikki jurnalisti hibsga olinganiga e'tibor qaratyapmiz. Myanma hukumati javobgarlikka tortilishi lozim. Qochqinlarni joy bilan ta'minlash haqida o'ylashimiz kerak, chunki ular vataniga qaytishga qo'rqadi".
Facebook Forum