AQSh Prezidenti Donald Tramp BMTning Falastinlik qochqinlar bo’yicha boshqarmasiga moliyaviy yordamni kesmoqchi. Tashkilot vakiliga ko’ra, bu ro’yxatga olingan salkam besh million qochqinni og’ir ahvolga solib qo’yadi.
Quddusni Isroilning poytaxti sifatida tan olgan Tramp falastinliklarni g’azabga soldi. Ularning aytishicha, AQSh endi Yaqin Sharq muzokaralarida xolis vositachi bo’la olmaydi. Trampning javobi qattiq bo’ldi.
“Prezidentning aytishicha, agar falastinliklar muzokara stoliga qaytmasa, tashkilot faoliyati uchun ajratilayotgan yuz millionlab dollarlik moliyaviy yordam kesiladi yoki butkul to’xtatiladi”, - deydi AQShning BMTdagi elchisi Nikki Xeyli.
BMT agentligi so’zlovchisi Kris Gannessning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, Qo’shma Shtatlar bu borada hali bir qarorga kelgani yo’q. Iordaniya, Livan, Suriya, G’arbiy Sohil va G’azo Sektorida jami besh million qochqin agentlikdan yordam oladi.
“Agar tashkilot ishini to’xtatsa, Yaqin Sharq bo’ylab yarim million bola ta’lim olishdan, to’qqiz million odam tibbiy yordamdan, 38 ming nafari esa mikrokreditlardan mahrum bo’ladi”, - deydi u.
Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu agentlikni tanqidga oldi.
“Falastinlik qochqinlar bo’yicha boshqarma falastinliklarning qochqinlik muammosini cho’zmoqda, bunday sharoitda ular Isroil davlatini yo’q qilish shashtidan qaytmaydi. Tashkilotni yopish vaqti keldi”, - dedi Netanyaxu.
Agentlik vakili unga qo’shilmaydi.
“Gumanitar tashkilot qochqinlik inqirozini cho’zadi degan fikr noto’g’ri. Buni tushunish uchun har kuni ta’lim olayotgan yarim million o’quvchiga yordam berayotgan agentligimiz ishini ko’rish kerak”, - deydi Kris Ganness.
Unga ko’ra, AQSh pul berishdan to’xtasa ham tashkilot faoliyatini davom ettiradi, biroq hozirgiday ishlash qiyin bo’ladi.
Facebook Forum