Breaking News

Arab Ligasi BMTdan Falastinni mustaqil davlat sifatida tan olishni so'ramoqchi


Arab Ligasi tashqi ishlar vazirlari va tashkilot bosh kotibi Iordaniyada AQShning Quddusni Isroil poytaxti deb tan olish qarorini muhokama qildi, Ummon, 6-yanvar, 2018-yil
Arab Ligasi tashqi ishlar vazirlari va tashkilot bosh kotibi Iordaniyada AQShning Quddusni Isroil poytaxti deb tan olish qarorini muhokama qildi, Ummon, 6-yanvar, 2018-yil

Iordaniya poytaxti Ummonda Arab Ligasiga a'zo olti davlat tashqi ishlar vazirlari majlis qilib, Birlashgan Millatlar Tashkilotidan Falastinni mustaqil davlat sifatida, Sharqiy Quddusni esa uning poytaxti deb tan olishga chaqirmoqchi.

O'tgan yil dekabrida AQSh Prezidenti Donald Tramp Quddus shahrini Isroilning poytaxti sifatida tan olgach, bu qarordan norozi Arab Ligasi Qohirada majlis qilib, Misr, Marokash, Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklari, Falastin va Iordaniyadan iborat maxsus qo'mita tuzgan edi.

Ligaga ko'ra, Tramp qarori xavfli va xalqaro qonunga zid bo'lib, Yaqin Sharqni beqarorlikka cho'mdirishi mumkin.

Iordaniya Tashqi ishlar vaziri Ayman Safodiyning aytishicha, Ummondagi majlis ishtirokchilari liga a'zolariga qator choralarni tavsiya qiladi. Tashkilotga a'zo barcha davlatlar tashqi ishlar vazirlari shu oy ko'rishishi kutilmoqda.

"Birlashgan Millatlar Tashkilotidan Falastin davlatini 1967-yilgi chegaralar asosida tan oluvchi, Quddusni esa uning poytaxti sifatida e'tirof etuvchi rezolyutsiya qabul qilishga chaqiramiz", - dedi Safodiy.

Arab Ligasi Bosh kotibi Ahmad Abul G'aytning aytishicha, vazirlarning to'liq uchrashuvida Vashingtonning Arab-Isroil ixtilofiga chek qo'yishga qaratilgan bo'lajak muzokaralardagi roli ham muhokama qilinadi. Unga ko'ra, Tramp qarori ketidan AQSh xolisligini yo'qotib, Isroil tomonida ekanini ochiq namoyish etdi.

Amerikaning G'arbdagi ittifoqchilari ham Tramp qaroridan norozi. Ularning aytishicha, bu bilan Qo'shma Shtatlar Yaqin Sharq tinchlik harakatlariga jiddiy putur yetkazdi.

Isroil Sharqiy Quddusni arab davlatlari bilan 1967-yilgi urush paytida Iordaniyadan tortib olgan.

18-dekabr kuni Qo'shma Shtatlar BMT Xavfsizlik Kengashida Trampning Quddusni Isroil poytaxti sifatida tan olish qaroriga qarshi tayyorlangan rezolyutsiyaga veto qo'ydi. Uch kun o'tib, 120 dan ziyod mamlakat BMT Bosh Assambleyasida rezolyutsiya qabul qilib, AQShdan bu qarordan voz kechishni talab qildi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG