Breaking News

Yaqin Sharqda zo'ravonlik yanada kuchayishi kutilmoqda


Quddus yuzasidan norozilik namoyishlari
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:31 0:00

AQSh Prezidenti Donald Tramp Quddusni Isroil poytaxti sifatida tan olishi ortidan Falastinda va dunyoning boshqa joylarida norozilik namoyishlari boshlanib ketdi. G'azo va G'arbiy Sohilda Isroil askarlari bilan yuz bergan to'qnashuvlarda o'nlab odam yaralangan. Falastinga hamdardlik bildirib boshqa musulmon davlatlarda ham norozilik chiqishlari yuz bermoqda.

G'arbiy Sohilda falastinliklar Isroil askarlariga qarata yongan balonlar va toshlar uloqtirdi. Xavfsizlik kuchlari esa ularni tarqatish uchun ko'zdan yosh chiqaruvchi gaz va rezina o'q yog'dirdi. Boshqa musulmon o'lkalarda, xususan, AQShning ittifoqchisi sanaladigan Turkiyada ham norozilik namoyishlari bo'lib o'tdi. Bularning barchasi Tramp qarori ortidan ro'y berdi.

"Olovga moy sepishdek ish bo'ldi bu. Dunyo tinchligi uchun yaxshi narsa emas. Ziddiyatlar yanada kuchayadi. To'g'ri rejalanmagan harakat. Boshqa tomondan, 1,5 milliard kishilik musulmon dunyosi bor. Ularning fikri inobatga olinmadi. Dinidan qat'i nazar, barcha davlatlar bu qarorning noto'g'riligini aytdi. Bu xato tuzatilishiga ishonaman", - deydi turkiyalik Salohiddin Ergin.

Trampning bayonoti ramziy ma'noga ega, chunki AQSh Kongressi Quddusni Isroil poytaxti sifatida 22 yil oldin tasdiqlab bo'lgan, deydi AQShning Turkiya va Iroqdagi sobiq elchisi Jeyms Jefri.

"Muammo shundaki, mintaqadagi, islom dunyosidagi odamlar prezidentning islom dunyosi bilan aloqalarini yana bir bor savol ostiga oladi, chunki bu Isroil va Falastin o'rtasidagi tinchlik jarayoniga zarar sifatida ko'riladi", - deydi sobiq elchi.

Jefriga ko'ra, bu qaror mintaqada Eronga qarshi koalitsiya tuzish ishlariga ham salbiy ta'sir ko'rsatadi.

"Eron Yaqin Sharqda g'alaba ortidan g'alaba qozonib kelayotgan bir paytda bu chora prezidentning Eronga qarshi Isroil, Turkiya, arab davlatlari va hatto Iroq kabi shia davlatlari bilan ittifoq tuzish harakatlariga putur yetkazadi", - deydi u.

Jefri fikricha, Isroilga yon bosish sifatida ko'riladigan Tramp qarori Yaqin Sharqda zo'ravonliklarni yanada avj oldiradi. Pokistondagi "Jamoati islomiy" diniy partiyasi tarafdorlarini mamlakat bo'ylab namoyish o'tkazishga undadi. G'azoda joylashgan Hamas guruhi esa yangi intifoda boshlashini e'lon qildi. 9-dekabr kuni Arab ligasi davlatlari uchrashuv o'tkazib, masalani muhokama qilishi kutilyapti.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG