AQSh Prezidenti Donald Trampning Quddus shahrini Isroil davlatining poytaxti sifatida tan olish va AQSh elchixonasini ushbu shaharga ko’chirish qarori Markaziy Osiyo ziyolilari orasida munozaralarga sabab bo’lmoqda.
Mahalliy mutaxassislar salbiy oqibatlar ehtimolidan xavotir bildirayapti. Falastin Vashingtonning bu qadami xalqaro huquqlarga zid ekanini urg’ulab, bu bilan AQSh hududdagi tinchlik jarayonini inkor etayotganini aytdi.
BMT va Vashingtonning qator ittifoqchilari ham Trampning qaroridan norozilik izhor qildi. Ayni paytda Tel-Aviv Qo’shma Shtatlar ma’muriyatining tadbirini olqishlab, boshqa davlatlar ham unga qo’shilishiga umid bildirdi.
Bishkeklik yozuvchi, tarixchi Begijon Ahmedov o’tgan oy Yaqin Sharq mamlakatlari bo’ylab sayohat qilib, Quddusdagi hayotni yaqindan kuzatgan.
“Quddusning Isroil tarafida bo’lgan qismidan Falastin qaramog’idagi bo’lagiga o’tishda hech qanday noqulaylik sezmadik. Politsiyachilar tezkor. Turli millat vakillari bo’lmish oddiy odamlarning chehralarida qo’rquv-tashvish ilg’amadim, o’zaro hurmat ko’zga tashlanadi. Bizni boshlab yurgan hamrohimiz odamlar tinchlikni juda qadrlashini aytdi”, - deydi suhbatdosh.
Begijon Ahmedov deydiki, Tramp ma’muriyatining qadami uzoq davom etayotgan ziddiyatni tinch yo’l bilan bartaraf etish borasida xalqaro hamjamiyat olib borayotgan harakatlarga jiddiy zarba bo’ladi.
“Oddiy inson sifatida biz Isroil va Falastin tezroq muammolarni yechib olishini, tinch-totuv hayot kechirishini, Yaqin Sharqda tinchlik, barqarorlik hukm surishini istaymiz”, - deydi yozuvchi.
Facebook Forum