Breaking News

Isroil uni qoralovchi BMT rezolyutsiyasidan g'azabda


Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu so'zlariga ko'ra, uning davlati va Qo'shma Shtatlar o'nlab yillar davomida bir masalada hamfikr bo'lib kelgan - Iordan daryosining g'arbiy sohili va Quddus sharqida yahudiylar uchun uylar qurilishi masalasi BMTda muhokama etilmasligi kerak.

Ammo 23-dekabr kuni qurilishni qoralovchi rezolyutsiya kengashda ovozdan o'tdi. Isroilni har qanday vaziyatda himoya qiluvchi AQSh bu safar hujjat ma'qullanishiga monelik qilmadi.

"Amerikadagi do'stlarimiz bilan, bu rezolyutsiya naqadar ziyonli ekanini tushunadigan respublikachi va demokratlar bilan gaplashib oldik", - deydi Netanyaxu. Ular va AQShning yangi hukumati bilan ishlashga tayyormiz, dedi u. Donald Tramp 20-yanvardan prezidentlikni boshlaydi.

Tramp bu hujjatning ovozdan o'tishiga yo'l qo'ymasligimiz kerak, deya undagan edi.

Isroil rahbariga ko'ra, ittifoqchilar bir-birini BMT Xavfsizlik Kengashi oldida sharmanda qilmasligi kerak. Bu haqda Davlat kotibi Jon Kerriga aytganman, deydi u.

Rezolyutsiyadan g'azablangan Isroil BMTning qator agentliklariga moliyani uzib qo'ydi. Qariyb 8 million dollar haqida gap ketmoqda.

Benyamin Netanyaxu, shuningdek, bir oy muddat ichida xalqaro tashkilot bilan aloqalarni qayta ko'rib chiqishni buyurdi. Hujjatga ovoz bergan davlatlarning elchilari Tashqi ishlar vazirligiga chaqirtirilgan. Uning fikricha, AQSh bu safar Xavfsizlik Kengashida betaraf pozitsiyani tanlagani "sharmandalik".

Falastin va arab davlatlari esa Isroilga qarshi rezolyutsiya ovozdan o'tganini olqishlayapti. Falastin rasmiysi Soib Erekatning aytishicha, Netanyaxu olib borayotgan siyosat Yaqin Sharqda tinchlikka yetaklamaydi va xalqaro hamjamiyat buni unga ochiq aytmoqda.

Yahudiy davlati 1967-yilgi urushda bosib olgan yerlarda, jumladan Iordan daryosining g'arbiy sohili va Quddus sharqida, uylar qurib keladi. Dunyoning aksar mamlakatlari nazarida Isroilning bu xatti-harakatlari xalqaro qonunlarga zid.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG