Breaking News

AQSh: Isroil G'arbiy Sohilda uy qurishni to'xtatishi kerak


G'arbiy Sohilda Isroil qurgan yahudiy posyolkalaridan biri, 7-sentabr, 2009-yil.
G'arbiy Sohilda Isroil qurgan yahudiy posyolkalaridan biri, 7-sentabr, 2009-yil.

AQSh Isroilning bosqin ostidagi G'arbiy Sohilda yana yahudiy posyolkalarini qurishni rejalayotganini tanqid qildi.

"Posyolkalarni salmoqli darajada kengaytirish harakati ikki davlatchilik yechimining amalga oshishiga jiddiy tahdid soladi", - dedi Oq uy so'zlovchisi Josh Ernest.

So'nggi ma'lumotlarga ko'ra, Isroil armiyasining rejalash qo'mitasi G'arbiy Sohilning turli qismlarida yana 463 ta uy qurishni ma'qullagan.

"Haaretz" nashrining yozishicha, ularning 51 tasi yangi quriladi, 1980-yil ruxsatsiz qurilgan yana 178 ta uyga yangidan qonuniy maqom beriladi.

"Biz, ayniqsa, noqonuniy qurilgan joylarning qayta qonuniylashtirilayotganidan xavotirdamiz", - dedi Ernest.

Shu hafta boshida BMTning Yaqin Sharq bo'yicha vakili Nikolay Mladenov BMT Xavfsizlik kengashiga falastinliklar bilan tinchlik o'rnatish yo'lidagi eng katta g'ov yahudiy posyolkalarining kengayishi deb aytgan edi.

Ammo Isroil bu da'volarni rad etadi. Bosh vazir Benyamin Netanyaxuning so'zlovchisi Deyvid Kayesga ko'ra, qarshilar tarixni buzib ko'rsatmoqda.

"Yahudiylar Quddus, Yahudo va Samariyada ming yillardan beri yashab kelishadi. Ularning bu yerda bo'lishi tinchlikka to'siq emas", - deydi Keyes G'arbiy Sohildagi joylarni Tavrotda kelgan ismlar bilan atab.

AQSh Isroil va Falastinni o'zaro ishonchni qayta tiklash uchun amaliy qadamlar tashlashga undab keladi. Isroil esa falastinliklarning eng katta e'tiroziga sabab bo'lib kelgan yahudiy shaharchalarini qurish siyosatini davom ettirmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG