Breaking News

Falastin rasman Xalqaro jinoiy sudga a’zo bo’ldi


1-apreldan e’tiboran, Falastin ma’muriyati Xalqaro jinoiy sudning a’zosiga aylandi. Bu Isroilga nisbatan bosimni oshirish uchun imkoniyat deb ko’rilmoqda.

Isroilda Bosh vazir Benyamin Netanyaxu yaqinda qayta saylangani Falastin bilan tinchlik muzokaralarini shubha ostiga qo’ygan. Reytinglarda orqada qolgan Netanyaxu “men vazir bo’lsam, Falastin davlati barpo etilmaydi”, deya ovoz yig’ishga harakat qildi.

Isroil Xalqaro jinoiy sudga a’zosi bo’lmasa-da, bu mamlakatning harbiy va noharbiy rahbarlari Falastin hududlarida jinoyat sodir etganlikda ayblanishi mumkin. Urush jinoyatlari bo’yicha dastlabki tekshiruv allaqachon boshlangan.

“Human Right Watch” inson huquqlari tashkiloti Falastinning xalqaro sudga a’zo bo’lib kirganini olqishlamoqda. Uning qayd etishicha, tekshiruvni tergovga o’g’irish uchun yetarli dalillar bor-yo’qligini sud Bosh prokurori Fatu Bensuda hal qiladi.

“Jiddiy jinoyat sodir etilgani da’vo qilindimi, prokuror buni albatta tekshiradi va qanday yo’l tutishni o’zi belgilaydi. Falastin va Isroil bu qarorlarga ta’sir eta olmaydi”, - deydi “Human Right Watch” vakili Balkis Jarra.

Dastlabki tekshiruv muddati cheklanmagan bo’lib, oylab yoki yillab davom etishi mumkin. O’tgan yili G’azo sektoridagi urushda minglab falastinlik halok bo’lgan. Huquq tashkilotlari Isroilni urush jinoyatlarida ayblaydi. Sektorda hukmron HAMAS guruhi yetakchilari ham javobgarlikka tortilishi ehtimoli bor, chunki jangarilar ham Isroilga qarata yuzlab raketa otgan.

Yahudiy davlati bosib olingan hududlarda uylar qurayotgani ham xalqaro sudda ko’rilsa ajabmas. Aksar hukumatlar buni noqonuniy deb biladi. 1967-yildan beri Isroil yarim milliondan oshiq aholisini Falastin yerlariga ko’chirgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG