Breaking News

BMT rasmiysi: Isroil-Falastin mojarosi boshi berk ko'chaga kirib qoldi


Falastin Prezidenti Mahmud Abbos BMT minbarida, 26-sentabr, 2014-yil.
Falastin Prezidenti Mahmud Abbos BMT minbarida, 26-sentabr, 2014-yil.

BMT rasmiysi Isroil va Falastin yetakchilarini o'zaro munosabatlarni keskinlashtirib, tinchlik muloqoti o'tkazish imkoniyatlarini yo'qqa chiqarayotganlikda aybladi.

BMT bosh siyosiy rahbari o'rinbosari Jens Anders Toyberg-Frandzenning aytishicha, tomonlar bir-biriga nisbatan qarama-qarshilikni tobora oshirib borayotgani bois uzoq yillik mojaro boshi berk ko'chaga kirib qolgan. U, shuningdek, o'tgan yilgi urush ketidan G'azoni qayta tiklashga 5 milliard dollar ajratishga rozi bo'lgan homiy davlatlarni o'z va'dalarining ustidan chiqmayotganlikda aybladi.

Dekabr oxirida Isroilni bosib olingan hududlarni tark etishga chaqiruvchi BMT rezolyutsiyasi Xavfsizlik kengashidan o'tmadi. Shundan beri Falastin 16 ta xalqaro konvensiya va bitimlarga qo'shilib, jumladan, Xalqaro Jinoiy sudga a'zo bo'lish uchun ariza topshirdi. Falastin rasmiylari Isroilni xalqaro sudga tortish bilan qo'rqitmoqda. Bunga javoban, Isroil Falastinga tegishli 130 million dollar pulni muzlatib qo'ydi.

AQSh elchisi Samanta Pauerning aytishicha, 26-yanvar kuni Bryusselda Isroil-Falastin muammosini muhokama qilish uchun AQSh, BMT, Yevropa Ittifoqi va Rossiya rasmiylaridan iborat Yaqin Sharq guruhi to'planadi.

Samanta Pauer Falastinning Xalqaro Jinoiy sudga qo'shilishini AQSh yoqlamasligini ma'lum qildi.

"Falastinning Xalqaro Jinoiy sudga oid Rim shartnomasiga va boshqa xalqaro bitimlarga qo'shilishi aks ta'sirga ega va Falastin xalqining suveren va mustaqil davlat qurish orzu-umidlariga xizmat qilmaydi", - dedi AQSh rasmiysi.

Falastin vakili Riyod Mansur esa o'z hukumatining sud va boshqa shartnomalarga qo'shilsh qarorini "qonuniy va tinch qadam" deb atab, falastinliklarni o'z huquqlarini talab qilgani uchun jazolash va qo'rqitish mantiqsizlik ekanini ta'kidladi.

Isroil elchisi Ron Prosor Falastin olib borayotgan xalqaro sa'y-harakatlarni "muammoga mavjud bo'lmagan yechimni tez topishga bo'lgan urinish", deya baholadi. Unga ko'ra, falastinliklar haqiqiy tinchlik muzokaralarini olib borishni istamayapti.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG