Falastin va Isroil hamon bir-biriga qarshi harakatlar bilan ovora. Tahlilchilarning Amerika vositachiligidagi tinchlik muzokaralari bu yil ham ish berishiga ko’zi yetmayapti. Falastin mustaqil davlat barpo etish uchun uch yil muhlat talab qilib o’tgan oy BMTga murojaat qilgan edi.
Rezolyutsiya loyihasi ovozdan o’tmadi va ketidan Falastin Xalqaro jinoiy sudga qo’shilish uchun va shu tariqa Isroilni harbiy jinoyatlarda ayblash uchun ariza topshirdi.
Bundan norozi Isroil Falastin uchun jamg’arilgan soliq tushumlarini muzlatib qo'ydi. Ekspertlar fikricha, Amerika o’z strategiyasini qayta ko’rib chiqishi kerak.
Falastin ma’muriyati Xalqaro jinoiy suddan najot izlayapti. Isroil esa qarshi chora qidirish bilan band. Qo’shma Shtatlar konstruktiv muloqot yagona yo’l ekanini eslatmoqda.
Davlat departamentidan Jen Psaki:
“Qanchalik mushkul bo’lmasin, taraflar murosa va hamkorlikka yurishi kerak. Ziddiyat va zo’ravonlikdan voz kechish yo’lini tanlash muhim hozir”.
Davlat kotibi Jon Kerri bir amallab Falastin va Isroilni muzokarani davom ettirishga ko’ndirmoqchi.
Ammo Amerikaning diplomatik harakatlari naf berishi qiyin, deydi Yaqin Sharq bo’yicha tahlilchi Aaron Deyvid Miller:
“Azaldan juda bir mushkul masala bo’lib kelgan. Isroil-Falastin mojarosining zaminida yotgan, mittigina o’lkadagi ulkan muammolar - Quddus maqomi va qochqinlar taqdiri haqida gapirayapmiz”.
Olim nazarida gap liderlar noqobilgina ekanida:
“Isroil bosh vaziri, Falastin prezidenti va Amerika prezidenti - birortasi mojaroni hal qilish uchun iroda, malaka yoki bilimga ega emas. Har holda qat’iy qarorlar qabul qilishga qodir ekanini hali namoyish etganicha yo’q”.
Obama ma’muriyati mintaqani qamragan boshqa ixtiloflar, jumladan, “Islomiy davlat” va Eron yadro dasturi bilan ovora, deya sharhlaydi Aaron Deyvid Miller.
Lekin tahlilchi Maykl Rubin nazarida Amerika Falastin va Isroilga doir strategiyasini tubdan qayta ko’rib chiqishi shart emas:
“Qo’shma Shtatlar amaldagi kelishuvlar ijrosini talab qilib, qat’iy tursa, shuning o’zi kifoya”.
Olimning aytishicha, AQSh va xalqaro donorlar har ikki tomonni moliyadan ayirsa, Falastin va Isroil darrov muzokara stoliga qaytadi.
“Pul uzluksiz kelib tursa, urush boshlagan taraflar qayta qurish uchun yana moliya olaversa, ular xohlaganini qilaveradi. Ko’ngli tusaganida urush qiladi”, - deydi Rubin.
Qo’shma Shtatlar ham Falastin, ham Isroilga uzoq muddatli yagona yechim yuzma-yuz muloqot ekanini uqtirishda davom etadi, deydi rasmiylar.