2014-yil Yaqin Sharq uchun og’ir kechdi. Isroil va Falastin o’rtasidagi zo’ravonliklar ko’lami so’nggi yillardagiga qaraganda ancha kengaydi. Kelasi yilda vaziyat yanada taranglashishi mumkin.
Isroil va Falastin o’rtasidagi ziddiyat Yaqin Sharqda tinchlik muzokaralarini qayta boshlash urinishlari natija bermaganidan keyin yana chuqurlashdi. Har ikkala tarafda ekstremistik kayfiyatlar kuchaydi, deydi Ibroniy universiteti professori Moshe Maoz.
“Biridan ikkinchisi kelib chiqadi. Keskin, jangovar kayfiyatlar bir tarafda kuchaysa, ikkinchisida ham shunday bo’ladi. Ayniqsa o’ng qanot harakatlarda”, - deydi Maoz.
AQSh Davlat kotibi Jon Kerrining mintaqada tinchlik muzokaralarini qayta boshlashga qaratilgan to’qqiz oylik urinishlari aprel oyida natijasiz tugadi.
Ayni vaqtda Falastindagi ikki asosiy partiya – FATH va HAMAS yetti yillik kelishmovchiliklardan so’ng qo’shma hukumat tuzishga kelishib oldi. HAMAS Isroilni davlat sifatida tan olishdan bosh tortib kelgani uchun Isroil Falastindagi yangi hukumat bilan muzokara qilmoqchi emas.
Diplomatik urinishlarning to’xtagani hamda bir necha nafar yahudiy va falastinlik yoshlarning o’ldirilishi oqibatida HAMAS va Isroil to’qnashdi, Isroil G’azoni havodan bombardimon qilib, so’ng hududga qo’shin kiritdi. 50 kun davom etgan mojaro 2000 dan ziyod odamning yostig’ini quritdi. Qurbonlarning aksariyati falastinliklar.
Avgust oyida hech qanday rasmiy kelishuvsiz to’xtagan bu urushdan keyin asosiy maqsad tinchlik o’rnatish emas, omon qolish ekani ayon bo’ldi, deydi Sharqiy Quddus universiteti professori Zakariya al-Qaq.
“Umid qilamanki, hozirgi og’ir vaziyatda eng yaxshisi uni keskinlashtirmay shundayligicha saqlab qolish. Eng katta umidim shu”, - deydi professor.
Radikal isroilliklarning Al-Aqsa masjidi joylashgan hududga qadam qo’yishi natijasida zo’ravonliklar yangidan boshlanib ketdi, Sharqiy Quddus va G’arbiy Sohilda isroilliklarga qarshi hujumlar uyushtirildi, musulmonlar ham nishonga olindi.
Natijada umidsizlik hissi kuchaydi, deydi professor Maoz.
“Umidsizlik. Hozirda aynan shu kayfiyat hukm surmoqda. Vaziyat o’zgaradi, deb umid qilamiz. Tarixchi sifatida men sizga ahvol asta-sekin, sezilmasa-da, o’zgarayotganini aytishim mumkin”, - deydi siyosatshunos.
Al-Quds universiteti professori al-Qaq esa Isroil hukumati va Falastin rahbariyati zo’ravonlikning yana avj olishiga qarshi choralar ko’rayotganini aytadi.
“Shu sababdan ular bir-birini bezovta qilib, jig’iga tegib tursa-da, u tarafda ham, bu tarafda ham bir-birini yo’q qilish maqsadi yo’q”, - deydi u.
Tahlilchilar fikricha, Isroilda kelasi yil parlament saylovlariga tayyorgarlik ko’rilar, AQShda esa prezident saylovlari yaqinlashar ekan, diplomatik harakatlarga vaqt va imkoniyat oz qolmoqda.