Breaking News

Falastin Isroilni Xalqaro jinoiy sudga bermoqchimi?


G'azo, Falastin
G'azo, Falastin

Isroilni bosib olingan hududlarni tark etishga chaqiruvchi BMT rezolyutsiyasi Xavfsizlik kengashidan o'tmagach, Falastin Xalqaro jinoyat sudiga qo'shilish harakatiga tushdi. Aprel oyida muzokaralar to'xtab qolgandan beri Falastin rasmiylari xalqaro maydonda Isroilga bosimni oshirishga urinmoqda.

Falastin Xalqaro jinoiy sudga qo'shilmoqchi, Behzod Muhammadiy
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:15 0:00

BMT rezolyutsiyasida Isroildan 2017-yilgacha bosib olingan hududlarni tark etish talab qilingan edi. AQShning BMTdagi elchisi Samanta Pauerning aytishicha, tinchlikka faqat "o'zaro murosa va og'ir tanlov yo'li" bilangina erishish mumkin.

"Tomonlar muzokara orqali keng qamrovli kelishuvga erishmaguncha qiyinchiliklar tugamasligini va tahdidlar pasaymasligini bilamiz", - deydi rasmiy.

London shahar universiteti professori Rouzmeri Holisga ko'ra, AQShning e'tirozlarini tushunish mumkin.

"Mojaroga aralashgan tomonlar o'zaro kelisha olmagan rezolyutsiyani amalga oshirish haqida gap ketyapti. Agar Isroil 1967-yilda bosib olgan hududlarini, jumladan, Sharqiy Quddusni tark etishni istamasa, zotan hozir bunday qilmasligi aniq, ularni bu hududdan chiqarish majburiyatini kim zimmasiga oladi?", - deydi u.

Isroil Xavfsizlik kengashi qarorini mantiqning g'olib chiqishi deya atadi. Buni mamlakat Tashqi ishlar vazirligi so'zlovchisi Emanuel Nachshon shunday izohlaydi.

"Tinchlik jarayonining davom etishi faqat Isroil bilan muzokara qilish orqali bo'lishini, bir tomonlama harakat qilish natija bermasligini falastinliklar tushunadi, deb umid qilamiz", - deydi u.

Falastin rasmiylari Gaagadagi Xalqaro jinoyat sudiga qo'shilish niyatlari borligini ma'lum qildi. Prezident Mahmud Abbosning "Fath" partiyasi so'zlovchisi Ahmed Assafning aytishicha, Falastin Isroilga bosim ko'rsatishda davom etadi.

Xavfsizlik kengashi o'zining tashkil etilishi asosida turgan muhim maqsad va ustivor vazifalaridan birini himoya qilishning uddasidan chiqa olmadi, dedi u.

Ammo kengash qarorida Falastin uchun foydali jihatlar ham bor, deydi Londonda joylashgan "Chatam Xaus" tadqiqot guruhi mutaxassisi Yossi Mekelberg.

"Raqamlarga qarasak, Xavfsizlik kengashining sakkiz a'zosi Falastin qarorini qo'llab-quvvatlagan, besh nafari ovoz berishdan tiyilgan, faqat ikkitasi qarshi chiqqan. Demak, Bosh assambleya uyoqda tursin, Xavfsizlik kengashining ichida ham aksariyat Falastin tarafdori. Mustaqil Falastin davlatini tan olishni qo'llab-quvvatlovchilar ko'p", - deydi tahlilchi.

Yarim milliondan ortiq isroillik bosib olingan hududlarda qurilgan uylarda yashaydi. Aksariyat davlatlar nazarida, bu qurilishlar noqonuniy. O'tgan hafta Isroil hukumati Sharqiy Quddusda yana 250 yangi uy qurish haqida qaror chiqardi. Rasmiylar qurilishlarning xalqaro qonunlarga zid emasligini ta'kidlaydi.

Mintaqada beqarorlik yuqori. Seshanba kuni minglab falastinliklar G'arbiy sohilda Isroil askarlari tomonidan o'ldirilgan 16 yoshli o'smirning dafn marosimida qatnashdi. Shuningdek, o'tgan hafta 11 yoshli isroillik qiz mashina portlashi oqibatida og'ir yaralangan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG