Breaking News

Isroil: Falastinga qarshi urush jinoyatlari qilmaganmiz


Isroil Falastin xalqiga qarshi urush jinoyatlarini amalga oshirganmi?

BMT qoshidagi Xalqaro jinoiy sud bu masalani ko'rib chiqishni boshlagani nafaqat yahudiy davlat balki Amerika qarshiligiga ham uchramoqda.

Davlat departamenti nazarida, uzoq yillardan beri terrorizmga qarshi kurashib kelayotgan, minglab xurujlarni boshdan kechirgan Isroil jinoyatda ayblanishi fojiali va kulgili hol.

Xalqaro jinoiy sud hech qanday tergov boshlanmagan, olib borilayotgan ish hozircha oddiy tekshiruv xolos deya bildirmoqda. To'plangan ma'lumotlarga qarab bir qarorga kelinadi.

Sud prokurori Fatu Bensuda deydiki, uning idorasi masalani mustaqil va xolis ko'rib chiqadi.

Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu fikricha esa uning davlati demokratik, oshkora va ishonchli adliya tizimiga ega. Falastin esa HAMAS singari terror guruhlari ildiz otgan jamiyat, deydi Netanyaxu. Jinoyatlarni u tomon amalga oshirmoqda, deydi u.

Xalqaro jinoiy sud tergov ochsa, har ikkala tomon bir-birini ayblab chiqishi mumkin. Falastin hozirda bu organga a'zo bo'lish uchun hujjat topshirgan. Ikki oy ichida javob beriladi.

Falastinning BMTdagi elchisi Riyod Mansur "xalqimga nisbatan jinoyatlar uchun tegishli tomonlar javob berishi kerak" deydi.

O'tgan yili Isroil G'azo sektorini havodan nishonga olib, 2200 falastinlik o'lgan, jumladan bolalar. 73 isroillik ham halok bo'lgan, aksariyati askarlar.

Falastin mustaqil davlat bo'lmoqchi. Amerika bu maqsadni quvvatlaydi, lekin Vashington nazarida bu xalq rahbariyati Isroil bilan puxta kelishib olishi kerak. Falastin tashlayotgan qadamlardan norozi Isroil uni moliyaviy jihatdan siquvga olmoqda. Bu esa Yevropa Ittifoqi va AQSh tanqidiga uchramoqda. Rasman, Falastin hamon Isroil nazorati ostida va aholini iqtisodiy jihatdan qiynash adolatsizlikdir, deydi diplomatlar.

Xalqaro jinoiy sud 1998-yilda barpo etilgan. Mustaqil adliya organi. BMT uni idora etmaydi. Genotsid va insoniyatga qarshi boshqa jinoyatlarni amalga oshirgan odamlar unda javobgarlikka tortiladi. Sud biror bir shaxsni to'g'ridan to'g'ri hibsga olish vakolatiga ega emas, lekin buni buyurishi, ayblanuvchilar vatandan chiqqanida qo'lga olinishi mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG