30-sentabr kuni BMT qarorgohida Falastin bayrog'i ko'tarildi. Bu Isroil bosqiniga qarshi kurash olib borayotgan o'lka uchun Birlashgan Millatlar Tashkilotiga davlat sifatida rasman a'zo bo'lish sari tashlangan muhim qadam.
BMT minbaridan qilgan nutqida Falastin rahbari Mahmud Abbos uning davlati ortiq Isroil bilan tuzilgan bitimlarga rioya qilish majburiyati ostida emasligini bildirdi.
Falastin BMTga to’laqonli a’zo bo’lish va davlat sifatida tan olinish huquqiga ega, dedi u.
Bu nutq ketidan 193 a’zo davlat qatorida Falastin bayrog’i ham BMT dargohida hilpiray boshladi.
Ammo kuzatuvchilar fikricha bu bayonot Yaqin Sharqqa tinchlik olib kelish yo’lida biror ijobiy natija bermaydi.
“Mahmud Abbos qo’lida hozir katta strategik jumboq turibdi, - dedi isroillik siyosatdon va Janubiy Karolina universiteti professori Jozef Olmert. – Yaqin Sharqda eng muhim masala Suriya, Iroq, qochoqlar va IShID bo’lib turgan paytda Falastin mavzusini va Falastin hukumatini muhim masala deb ko’rsatish oson bo’lmaydi”.
Ayrim falastinliklar ham bu gaplarning amaliy foydasi bo’lishiga ishonmayapti.
“Oldin ko’rganimizdek bo’ladi. Bu nutqlar bilan olqish va hayajonlar yuzaga keladi, ammo u ramziy ma’nodan boshqasiga yaramaydi”, - dedi Isroil bosqinini tugatish bo’yicha AQSh kampaniyasi rahbari Yusuf Munayyir.
Siyosat va so’rov tadqiqotlari Falastin markazi o’tkazgan so’rovga ko’ra, falastinliklarning 51 foizi Isroil va Falastin mojarosini ikki davlat qurish orqali yechishga qarshi. Isroilliklar esa arablarni o’z ichiga oluvchi bir davlat qurilishini istamaydi.
“Falastin ahli istaganidek bitta davlat qurishning imkoni yo’q, - deydi Olmert. – Isroil bitta davlat, yahudiylarning milliy davlati”.
Zo’ravonliklarning kuchayishi
Musulmon va yahudiylarga birdek muqaddas Quddus shahrida so’nggi haftalarda zo’ravonlik kuchaygan. Musulmonlar shaharni Haram al-Sharif deb atasa, yahudiylar uni Har Habayit yoki Ibodat tepaligi deb ataydi.
“Isroil 1967-yil Sharqiy Quddusni egallab olgandan keyin, yahudiylar bu yerga kela olishi mumkin bo’ldi, lekin ibodat qila olmasdi”, - deydi Yahudiy telegraf agentligining Vashington byurosi rahbari Ron Kampis.
Yahudiylar tepalikka ertalab 7:30 dan 11:30 gacha kirishlari mumkin, ammo ibodat qilish huquqiga ega emas.
Ammo yahudiy millatchi guruhlari orasida bu yerda ibodat qilishga urinayotgan va shunga targ’ib etayotganlar ko’paymoqda. Bosh vazir Benyamin Netanyaxu partiyasiga mansub siyosatchilar ham yahudiylarga ibodat qilish huquqi berilishi kerak, degan fikrda.
Kuchaytirilgan xavfsizlik choralari
So’nggi zo’ravonlik yahudiylar yangi yili arafasida yuz berdi. Isroil Masjid al-Aqsoga faqat yoshi 50 dan oshgan erkaklarnigina qo’yishi haqida yangi tartib chiqargach, musulmon yoshlari Al-Aqso masjidi ichiga kirib oldi va Isroil politsiyasi bilan to’qnashdi.
Isroilning tosh otuvchilarga qarshi choralarni kuchaytirish qarori ham noroziliklarga sabab bo’ldi. 16-sentabr kuni Isroil tosh otgan odamlarga 20 yilgacha qamoq jazosi berilishi va tosh otgan bolalarning ota-onalari ham jazolanishi haqida qaror chiqardi.
Isroil, shuningdek, Isroil politsiyasi va askarlarning quroldan foydalanishiga ham ruxsat bermoqda. Yangi tartibga ko’ra, xavfsizlik kuchlari xavf tug’ilgan taqdirda qurolsiz namoyishchilarga qarata o’q otish huquqiga ega.
Isroilning G’arbiy Sohil va Sharqiy Quddusda qurilish ishlarini kengaytirayotgani ham noroziliklarga sabab bo’lmoqda. BMTning Yaqin Sharq tinchlik jarayoni bo’yicha maxsus vakili Nikolay Mladenov Xavfsizlik kengashiga Isroilning bu harakatlaridan tashvishda ekani haqida hisobot berdi.
Besh kun avval esa BMT Nyu-Yorkdagi bosh qarorgohida Falastin bayrog’ining ko’tarilishini ma’qullab ovoz berdi. Shu paytgacha faqat tashkilotga rasman a’zo bo'lgan davlatlargina BMTda o’z bayrog’ini ko’tara olgan. Falastin hanuz BMTning nodavlat a’zosi hisoblanadi.