Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu Falastinlik qochoqlar uchun BMT agentligini yopishga chaqirdi. Unga ko'ra, bu idoraning maqsadi Isroil davlatini yo'q qilish va shuning uchun uning faoliyati to'xtatilishi kerak. Bu haqdagi bayonot AQSh Prezidenti Donald Tramp falastinliklarga yordamni kesishi haqida ogohlantirishi ortidan yangradi.
Falastinliklar va ularning tarafdorlari Trampning Quddus qaroriga qarshi namoyishlarni davom ettirmoqda. AQSh rahbari Amerika elchixonasini Tel-avivdan Quddusga ko'chirishga qaror qilgach, Falastin yetakchilari tinchlik muzokaralarida Vashingtonni ortiq vositachi sifatida qabul qilmasligini e'lon qildi. Bunga javoban Tramp falastinliklar uchun har yili beriladgin 300 million dollarlik moddiy yordamni kesishi haqida tahdid qildi. Bu falastinliklarni battar g'azablantirdi.
"Tahdidga kelsak, AQSh har doim Falastin xalqini qo'rqitib kelgan. Biz esa ularga qarshi turishga o'rganganmiz", - deydi falastinlik ayol.
"Agar biz Isroil va Amerika tahdidlariga bosh egib yashasak, hech qachon davlat bo'lolmaymiz", - deydi yana bir falastinlik.
Isroil bosh vazirining gaplari esa Trampnikidan ham oshib tushdi. U 1949-yil falastinlik qochoqlarga yordam berish uchun tuzilgan BMT agentligini yopishga chaqirdi.
"Prezident Trampning bu agentlikni qoralashini to'liq qo'llab-quvvatlayman. Tashkilot Falastin qochoqlari muammosini yo'qdan bor qilyapti. Vatanga qaytish huquqi degan yo'q narsani bo'rttirib, Isroil davlatini yo'q qilmoqchi. Shu bois bunday tashkilotni bu dunyodan yo'qotish kerak", - dedi Netanyaxu.
Unga ko'ra, BMT agentligi hozir qochoqlarni emas, balki ularning avlodlarini boqyapti.
"Bu tashkilot qochoqlarning nevaralariga g'amxo'rlik qilyapti. Ular qochoqlar emas. 70 yildan keyin ham nevara-chevaralarini boqayotgan bo'ladi. Shu bois bu mantiqsizlik tugashi kerak", - deydi Netanyaxu.
Isroil bosh vazirining aytishicha, Falastin qochqinlari agentligiga ajratiladigan pul Qochoqlar uchun BMT Oliy komissariga berilishi va u orqali haqiqiy qochoqlarga sarflanishi kerak.
Tanqidchilarning ogohlantirishicha, Falastin qochqinlariga yordam kesilsa, mintaqadagi vaziyat yanada yomonlashadi. Ayniqsa, yashash sharoitlari og'ir bo'lgan G'azoda norozilik namoyishlari kuchayishi mumkin.
Facebook Forum