AQSh Davlat departamentining bildirishicha, Pokiston harbiy va razvedka sohalarida hamkorlikni vaqtincha to'xtatgani haqida rasman Qo'shma Shtatlarni xabardor qilgani yo'q.
Pokiston Mudofaa vaziri Xurram Dastgir Xon, Islomobodda qilgan nutqida, ikki mamlakat o'rtasida harbiy hamkorlikharbiy to'xtagani haqida bong urgan. Ammo uning qayd etishicha, Afg'onistondagi NATO askarlariga anjom yetkazuvchi yo'llar hamon ochiq.
Yaqinda Tramp ma'muriyati Pokiston armiyasiga har yili beriladigan 1,9 milliard dollarlik yordamni to'xtatib qo'ydi. Sabab - bu davlat terrorizmga qarshi dadil kurashmayapti.
"Qachonki Pokiston Haqqoniy tarmog'i, Tolibon va boshqa guruhlarga qarshi agressiv kurashishga tayyorligini namoyish etsa, munosabatlarni yangilaymiz", - deydi AQSh Davlat kotibi muovini Stiv Goldstin.
AQShdan bu mamlakatga harbiy texnika va moliya berilmaydi, lekin noharbiy yordam davom etayapti.
Prezident Donald Tramp fikricha, Islomobod o'tgan 15 yil davomida Amerikani laqillatib, 33 milliard dollar yordam olgan, o'z hududida terroristlarga panoh berishni to'xtatmagan.
Pokiston bu ayblovdan g'azabda. Mudofaa vaziri Xurram Dastgir Xon Afg'onistonda terrorga qarshi kurashda Pokiston AQShga kerak, deya eslatmoqda.
Facebook Forum