Breaking News

Toshkentda o'tadigan Afg'oniston konferensiyasidan nimalar kutilmoqda?


O'zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov (chapda) Afg'oniston Tashqi ishlar vaziri Salohiddin Rabboniy bilan
O'zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov (chapda) Afg'oniston Tashqi ishlar vaziri Salohiddin Rabboniy bilan

O'zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Toshkentda AQSh elchisi Pamela Spratlen bilan Afg’oniston bo’yicha rejalangan konferensiya yuzasidan gaplashgan. Toshkentda o'tishi rejalangan bu xalqaro konferensiya arafasida AQSh va Afg’oniston hukumatlari toliblar bilan muzokara o'tkazish haqidagi gaplarni rad etdi. O’zbekiston Afg’onistondagi tinchlik jarayonini hukumat va toliblar ishtirokida yo’lga qo’yish maqsadini olg'a surmoqda. Ammo toliblar tomonidan amalga oshirilgan so’ngi qonli xurujlar bu tashabbusni orqaga uloqtirgani, AQShning toliblarga qarshi kutilayotgan yirik harbiy amaliyotlari O’zbekistonni yana asosiy ta’minot yo’liga aylantirishi mumkinligi haqida qarashlar bor.

Komilov va Spratlenning Afg’oniston masalasi gaplashilgan uchrashuvi rasmiy Toshkent tomonidan Afg’oniston bo’yicha konferensiya muhokama qilinayotgan navbatdagi muzokara.

Rasmiy Toshkentga ko`ra, mart oyida bo'lishi rejalanayotgan xalqaro konferensiya O’zbekiston va Afg’oniston tashabbusi bilan tashkil qilinmoqda. Anjumanning asosiy muzokarachisi sifatida O'zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov ko’zga tashlanadi.

Komilovning shu oy ichida Xitoy, Pokiston, Eron, Hindistonga qilgan safarlari davomida shu konferensiya, unda muzokara qilinadigan mavzular haqida fikr almashilgan.

Toshkent “Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik, mintaqaviy sheriklik” deb nomlangan bu konferensiyani yirik miqyosda o’tkazishni rejalamoqda.

Ayrim ma’lumotlarga ko’ra, konferensiyada BMT Bosh kotibi, NATO bosh kotibi, shuningdek, Afg’onistonga tortilgan yirik davlatlarning bosh diplomatlari qatnashishi ko’zlangan.

Yig'inda aniq nimalar muhokamada bo`lishi hozircha ochiqlanmagan, Toshkent surayotgan tashabbusning mohiyati Afg`onistonda tinchlik jarayonini yo’lga qo’yish, buni, asosan, afg’on hukumati va toliblar o’rtasida muloqot boshlash orqali amalga oshirishdan iborat.

Toliblar bilan muloqot masalasi Afg’oniston Prezidentining Xavfsizlik bo’yicha maslahatchisi Xanif Muhammad Atmar 9-fevral kuni Toshkentga kelganda gaplashilgan bo’lishi mumkin. Rasmiy xabarga ko’ra, Abdulaziz Komilov va Xanif Atmar o’rtasidagi muzokarada ikki tomonlama hamkorlikka oid kelishuvlarning borishi, shuningdek, Toshkentda kutilayotgan konferensiyaga tayyorgarlik muhokama qilingan.

Afg’oniston hukumati va toliblar o’rtasida muloqot ehtimoli Afg`onistonda kuzatilgan qonli xurujlardan so’ng savol ostida qoldi. Bu xurujlardan so’ng Prezident Ashraf G’ani toliblar bilan har qanday muloqot shaklini taqiqladi, AQSh Prezidenti Donald Tramp ham toliblar bilan muzokara bo’lmasligi, Afg’onistondagi harbiylar soni ko’paytirilishi, amaliyotlar kengayishi haqida aytdi.

Bu bayonotlarga qaramasdan Ashraf G’ani hukumati toliblar bilan yopiq muloqotda ekanligi haqida ma’lumotlar bor. Yaqinda “Associated Press” axborot agentligi Ashraf G’anining Xavfsizlik bo’yicha maslahatchisi Xanif Atmar toliblar bilan o’tgan yopiq muloqotda ishtirok etgani haqida yozdi, ammo Atmar kotibiyati bu ma’lumotlarni rad etib chiqdi.

Afg’oniston masalalari bo’yicha rossiyalik ekspert Andrey Serenko nazarida Tolibonning so’nggi qonli teraktlari muloqotni, shuningdek tinchlik jarayonini yo’lga qo’yish bo’yicha muzokaralarni ham unutishga majbur etmoqda.

“Men Toshkent konferensiyasidan muloqot masalasida, tinchlik jarayoni bo’yicha muzokaralarda biror natija bo’lishiga ishonmayman, chunki hozir buning vaqti emas, ayniqsa, toliblarning qonli teraktlaridan so’ng. Tolibon xurujni o’z bo’yniga oldi. Ashraf G’ani bu teraktlarni Afg`onistonning 11- sentabri deb atadi. Toliblar begunoh odamlarni o’ldirishda davom etmoqda. Tramp va G’anining toliblar bilan hech qanday muzokara bo’lishi mumkin emasligi haqidagi bayonotlaridan so’ng, nazarimda, yaqin kelajakda biror ochiq muzokaralar haqida gap borishi qiyin. Bundan tashqari, AQSh Afg’oniston bo’yicha ittifoqdoshlari bilan yaqinda keng ko’lamli harbiy amaliyotlar boshlaydi. Trampning pozitsiyasi oddiy, toliblarni kuch orqali sulhga majbur etish. Shunday vaziyatda tinchlik muzokaralari haqida gapirish AQSh va Afg`oniston tomonidan ham bu hujumlarni yo’qqa chiqarishdek baholanishi mumkin. Shu ma’noda Toshkentning tashabbusi kelajakka qaratilgan bo`lishi mumkin, hozir esa toliblarni bitimga majbur qiladigan mag’lubiyatning o’zi hali mavjud emas”, - deydi Serenko.

Ekspert fikricha, AQSh va ittifoqchilari ko’magidagi toliblarga qarshi yirik harbiy amaliyotlar mart oyidan kutilmoqda, bu O’zbekistonni nafaqat tinchlik muzokarachisiga, balki ko’paytirilgan harbiy qo’shinlar ta’minotidagi asosiy yo’lga ham aylantirishi mumkin, ayniqsa AQSh-Pokiston munosabatlaridagi ziddiyat inobatga olinsa.

“Agar AQSh harbiy amaliyotlarni kengaytirib, shimoliy ta’minot yo`lini tiklaydigan bo`lsa, bu Hayratondagi transport yo’lagisiz, ya’ni O’zbekiston ishtirokisiz amalga oshmaydi. Quruqlik orqali boshqa samarali ta’minot yo’lagi mavjud emas. Albatta, bu yerda Qozog’istonning ishtiroki ham muhim, chunki Qozog’iston temir yo`li Kaspiy transport yo’lagiga tutashadi, bu yo’lak har doim dolzarb bo`lib kelgan, aynan Afg’oniston masalasida ham. Ayni paytda nafaqat AQSh, balki NATO ham Afg’onistondagi qo’shinlar sonini oshirish qarorida, bu esa o’z-o’zidan qo’shimcha yuklar, qurol-yarog’ yetkazilishini talab qiladi. Shunday ekan, Afg`onistonga eltuvchi shimoliy tranzit yo’lagi yana qayta ishga tushishini kutish mumkin. Chunki AQShning Afg`onistondagi harbiy muvaffaqiyati Pokiston orqali o’tuvchi janubiy ta’minot yo’lining qisqarishiga xizmat qilishi ehtimoli juda yaqin”, - deydi Serenko.

O`zbekistonning Afg’oniston bo’yicha muzokaralar o’tkazish tashabbuschisi ham, shuningdek, Afg`onistonda urishayotgan xalqaro harbiy qo’shinlar uchun asosiy ta’minot yo’llaridan biri bo’lishi ham yangi voqea emas, bu narsa avval ham kuzatilgan. 90-yillar oxirida O'zbekistonning marhum prezidenti Islom Karimov tashabbusi bilan Toshkentda o’tkazilgan Afg’oniston konferensiyasida hatto toliblar bilan bitimga ham erishilgan, ammo buning Afg’onistondagi vaziyatga biror ta’siri kuzatilmagan edi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG