Breaking News

Afg'on hukumati va Tolibon Turkiyada uchrashganini inkor etmoqda


Xabarlarga qaraganda, Afg'oniston hukumati muzokarachilari Turkiyada Tolibon bilan "norasmiy" muloqot boshlagan. Maqsad tinchlik jarayonini boshlash uchun zamin yaratish. Uni tashkillashtirishda Turkiya yordamlashgani haqida Afg'oniston matbuoti ham yozmoqda.

Biroq Kobul rasmiylari va jangari guruh raddiya bilan chiqdi.

"Tolibon bilan uchrashuvda qatnashganlar Afg'oniston hukumatidan emas", - dedi afg'on prezidenti so'zlovchisi Shoh Husayn Murtazaviy "Amerika Ovozi" bilan suhbatda.

Tolibon harakati ham hukumat bilan gaplashayotganini inkor etmoqda.

Turkiyada kim uchrashayapti?

O'zini Tolibon delegatsiyasi rahbari deb tanishtirgan qora sallali kishi, Maulvi Abdul Rauf, Afg'onistonning "Tolo TV" xususiy telekanaliga intervyu bergan. Turkiyadagi uchrashuv, deya da'vo qildi u, hukumat bilan muloqotning uchinchi davrasi.

Turkiyaga u qaysi davlatdan kelgani haqidagi savolga Rauf javob bermadi.

Besh kishilik Tolibon delegatsiyasi bilan Afg'oniston prezidentining maslahatchilari Abbos Basir va Xumoyun Jarir uchrashgani aytilmoqda.

Maulvi Abdul Rauf Tolibon davrida Xost viloyati hokimi bo'lganini aytadi. Bu harakat vakili ilk bor ommaviy axborot vositalarida yuzini ko'rsatishi.

Kuni-kecha Tolibon muzokaralar uchun Qatardagi idorasidan uch vakilini Pokistonga yuborgani haqida ham xabarlar tarqalgan edi.

Afg'onistonlik faollar Kobul va jangarilar o'rtasida muzokara pinhona o'tayotgani, qatnashchilar hatto uchrashuvlarni inkor etayotganidan xavotir bildirmoqda. "Xalq shuning uchun ham natija bo'lishiga ishonmaydi", - deydi Xo'ja Hamid Olvi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG