Matbuotdagi xabarlarga qaraganda Afg'oniston hukumati muzokarachilari Tolibon rasmiylari bilan Turkiyada norasmiy muloqot boshlagan. Uchrashuv ishtirokchilarining jurnalistlarga aytishicha, Turkiya hukumati vositachilik qilmoqda.
Afg'oniston hukumati bu xabarlarni izohlagani yo'q, Tolibon so'zlovchisi Zabihulla Mujohid ularni inkor etmoqda.
Bu o'rtada BMT Xavfsizlik Kengashi delegatsiyasi Kobulga safar qilib, afg'on rahbarlari bilan xavfsizlik va siyosiy masalalar xususida gaplashmoqda.
15 kishidan iborat delegatsiya harakatini osonlashtirish uchun poytaxtda xavfsizlik choralari kuchaytirilgan, katta yo'llarda harakat susaytirilgan.
Mamlakatda vaziyat hamon qaltis, hukumat kuchlari toliblar bilan olishmoqda. Afg'on siyosiy doiralarida ahvol taranglashgan. Prezident Ashraf G'anining shimoldagi Balx viloyati hokimi Ato Muhammad Nurni ishdan olish haqidagi bir oy oldingi farmoniga qaramay, hokim lavozimini bo'shatishdan bosh tortmoqda.
Nur viloyatni 13 yildan ortiq boshqarib kelmoqda. Unga ko'ra, Prezident G'anida uni ishdan olish vakolati yo'q. Hokimning "Jamiyati Islom" partiyasi koalitsion hukumatda muhim rol o'ynaydi. Partiya G'aniga qator shartlar qo'ygan.
Siyosiy beqarorlik usiz ham tang iqtisodiy vaziyatga salbiy ta'sir qilmoqda, milliy pul birligi o'ta qadrsizlangan.
Kelasi oy hukumat xalqaro anjuman o'tkazmoqchi. Unda qurollangan kuchlar va ularning xalqaro homiylari bilan muzokara uyushtirishga qaratilgan keng qamrovli strategiya e'lon qilinadi.
Facebook Forum