Breaking News

Qatardagi Tolibon idorasini yopish vaqti keldimi?


Tolibonning Qatardagi idorasi
Tolibonning Qatardagi idorasi

Afg'oniston hukumati Tolibonning Qatardagi idorasi yopilishini talab qilib, amirlikka bir necha bor murojaat qilgan. Hozircha bu harakatlar samara bermagan. Qizig'i, rasmiylarning birortasi bu urinishlar haqida og'iz ochmaydi yoki ular haqiqat ekanini tasdiqlamaydi. Afg'oniston rahbari Ashraf G'ani bu masalani Qatar amirligi bilan yaqinda BMTda muhokama qilgani ma'lum.

Afg'oniston hukumati Tolibon idorasini yopmoqchi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:05 0:00

Afg'onistonning Doxadagi elchisi Fayzulla Kakar shunday deydi:

"Tolibon idorasi tinchlik muzokaralari olib borish va Kobuldagi hukumat bilan murosa qilish maqsadida ochilgan. Bunga erishilmadi. Shunday ekan, bu idoradan ne foyda?"

Elchi AQSh va Qatar bu masala yechimida yordamni kuchaytirishi kerak degan fikrda.

Qatar rasmiylari esa Amerika va Afg'oniston nima qilmoqchi bo'lsa, qilaversin, deydi. Idora kelajagi amirlik iznida emas, deydi amirlik diplomatlari.

Tolibon bu markazni 2013-yilda ochgan. AQSh, Afg'oniston va Qatar bu borada jonbozlik ko'rsatgan va homiylik qilgan.

Mudofaa bo'yicha mutaxassis Metyu Diyering:

"Toliblarning 30 ga yaqin vakili Doxada mana shu idorada o'tiribdi. Ular shu obyekt orqali o'z faoliyatini qonuniylashtirib, bu imkoniyatdan foydalanib, Pokiston, Xitoy, Rossiya va Eron bilan maxfiy muzokaralar olib borayotgani haqida ma'lumotlar bor".

Ekspert fikricha, bu idorani Kobulga ko'chirish muammoning yechimi emas.

Pentagon rahbari Jim Mattis
Pentagon rahbari Jim Mattis

AQSh Mudofaa vaziri Jim Mattis yaqinda Kongressda gapirganida Tolibonning Doxadagi idorasi yopilishi mumkin deya ishora qildi. Uning tan olishicha, bu dargoh tinchlik yo'lida xizmat qilishini isbotlamagan.

Afg'on hukumati tinchlik muzokaralari boshi berk ko'chaga kirib qolganida toliblarni ayblaydi. Toliblar esa markaziy hukumatni tarqoqlikda, mustaqil siyosat yurita olmaslikda va G'arbga qaramlikda ayblaydi.

Prezident G'anining aytishicha, Tolibon to'g'ri yo'lni tanlashi uchun berilgan muhlat cheksiz emas. Kobulda yaqinda yuz bergan portlashda 150 afg'on o'lgan.

AQSh harbiy vositalari, Kobul
AQSh harbiy vositalari, Kobul

G'arbda ayrim siyosatdonlar Doxadagi idorani yopish zarar bo'ladi degan fikrda. Yevropa Ittifoqining Kobuldagi elchisi Piyer Mayadun nazarida bu markaz Tolibon bilan rasman aloqa qilish imkoniyatini beradi.

Bu harakat strategiyasi bilan tanish tahlilchi Vohid Mujdaga ko'ra, idorani yo'q qilish Tolibon uchun urushni avj oldirishga bahona bo'ladi.

Gap idorada emas, deydi boshqa ekspertlar. Tolibon bilan murosa qilish - Kobuldagi markaziy hukumat oldidagi asosiy vazifa. Idora bir vosita xolos. Tinchlik uchun zamin yaratish uchun esa siyosiy iroda va say-harakat zarur.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG