So’nggi uch yilda ancha notinch bo’lib qolgan Juzjon viloyatida jangari guruhlar faoliyati kuchaygan. Juzjonning janubida joylashgan Darzob va Qo’shteppa tumanlarida ham toliblar, ham DAISh - “Islomiy Davlat” guruhi faol. Viloyatning sharqida qaror topgan Oqcha tumanida esa toliblarning qo’li baland. Ammo so’nggi bir necha kun ichida o’tkazilgan harbiy amaliyotda ularga jiddiy zarar yetkazilgan. Harbiylardan ham talafot bor.
Juzjon hokimining so’zlovchisi Muhammad Rizo G’afuriyning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, so’nggi uch kundan beri davom etayotgan harbiy amaliyot natijasida o’nlab isyonchilar halok bo’lgan.
“Bizga yetib kelgan ma’lumotlar toliblardan 30 nafari halok bo’lganini ko’rsatadi. O’lgan toliblar orasida mashhur qo’mondonlardan bo’lgan Xayriddin va Qori Nurullah ham bor. Amaliyot jarayonida 20 dan ko’proq toliblar ham yaralangan. 6 nafar tolibning jasadi urush maydonida qolgan”,- deydi Rizo G’afuriy.
Oqchadagi amaliyot davlat harbiylari va hukumatni himoya qilish maqsadida qurol ko’targan mahalliy aholi ishtirokida o’tkazilgan. Harbiylar havo kuchlari tomonidan qo’llab-quvvatlanmoqda.
Necha oydan beri toliblar nazoratida bo’lgan 15 qishloq ozod etilgan. Uy-joylarini tark etganlar uchun sharoit tayyorlanmoqda deydi suhbatdosh.
Juzjon hokimining so’zlovchisi Qo’shteppa va Darzob tumanlari vaziyatini yaxshilash uchun yangi amaliyot boshlanishi mumkinligini aytadi.
“Darzob va Qo’shteppada ham vaziyat yaxshi emas. Toliblarning o’t ochisi natijasida bir ayol hayotini yo’qotgan. U yerda toliblar va DAISh o’zaro to’qnashish uchun tayyorgarlik ko’rmoqda. Ikki guruh bir-birini haydab chiqarishga urinmoqda”, - deydi G’afuriy.
Juzjonning yettita tumanida davom etayotgan urush tufayli yuzlab oila uy-joylarini tark etishga majbur bo’lgan. Shibirg’on shahriga qochib kelganlar bir necha muddat hukumat himoyasida bo’lgan, hozir esa insonparvar jamg’armalar tomonidan yegulik va zaruriy madad yetkazilmoqda.
Afg’oniston shimolidagi Juzjon viloyatida o’zbeklar ko’pchilikni tashkil etadi. Yarim million aholi yashovchi bu viloyat Mozori sharif, Sari pul va Faryob bilan chegaradosh.
Juzjonning Qo’shteppa va Darzob tumanlari DAISh faoliyatlari kengaygani bilan tanilgan. Bu ikki tumanga safar qilish ancha xavfli. Isyonchilar deyarli barcha hududlarni nazorat qilmoqda.
Facebook Forum