Breaking News

"Islomiy davlat" Afg'onistonda haqiqatda zaiflashganmi?


Kobuld terrorizmga qarshi namoyishlar
Kobuld terrorizmga qarshi namoyishlar

O'zini "Islomiy davlat" deb atovchi terror guruhi Afg'onistonda faollashganiga ikki yildan oshdi. 2015-yildan beri sharqiy viloyatlarda o'z safini kengaytirdi. Yuzlab odamlarni o'ldirdi. Maktablar, inshootlar va xonadonlarni vayron qildi. O'z madrasalarini ochdi. O'nlab terror xurujlari uyushtirdi.

"Islomiy davlat" Afg'onistonda ilk bor qachon paydo bo'ldi?

Iroq va Suriyada oyoqqa turib olgach, bu jangarilar to'dasi Afg'oniston va Pokiston orasidagi tog'li hududlarda o'z odamlarini yollay boshladi. Bu harakatga "Islomiy davlat"ning Xuroson bo'limi den nom berdi. Xuroson qadimda hozirgi Eron, Afg'oniston va Markaziy Osiyoni bog'lab turgan.

Pokistonlik toliblar lideri Hofiz Said Xon 2015-yilning boshida video murojaat bilan chiqib, o'zini "Islomiy davlat"ning hududdagi rahbari deb tanishtirdi. Atrofida o'tirgan 10 qo'mondonni sodiq xizmatchilar deb atadi.

A'zolar kim?

"Islomiy davlat"ning aksariyat jangarilari afg'on va pokistonlik sobiq toliblardir. Lekin ular orasida markaziy osiyoliklar, xususan o'zbeklar ham ko'p. Ularga mo'may haq to'lanadi, deydi afg'on razvedkachilari, oyiga bir necha yuz dollar.

"Islomiy davlat" Afg'onistonni biror yerni egallab olganmi?

Nangarhor viloyatida eng katta kuchga ega. O'tgan yili shu paytda bu viloyatda kamida 12 tuman ular qo'lida edi. Kunar viloyatida ham bir necha tumanda faol. Hozir ko'pini boy bergan.

"Islomiy davlat" nimani ko'zlaydi?

Janubiy Zabul viloyatida o'z kuchini kengaytirishga urinmoqda. Shuningdek, boshqa viloyatlardagi qashshoq va olis tumanlarga ham ko'zi tikkan.

Juzjon va Faryob viloyatlaridagi sobiq toliblar endi "Islomiy davlat"ga sodiq ekanini aytadi. O'zbekiston Islomiy Harakati asoschilaridan biri, marhum Tohir Yo'ldoshning Afg'oniston va Pokistonda katta bo'lgan farzandlari, ayrim manbalarga ko'ra, shimoliy viloyatlarda "Islomiy davlat" uchun jangari yollash bilan band.

"Islomiy davlat" Afg'onistonda qancha odamga ega?

O'tgan yili Afg'onistonda "Islomiy davlat" jami 3000 jangariga ega deya taxmin qilingan. Razvedka agentliklariga ko'ra, hozirda faqat bir necha yuz odam qolgan. Ayni damda Nangarhor viloyatida 2-3 tuman ular qo'lida va 600 ga yaqin jangari xizmatda, deydi AQSh harbiylari.

AQSh va afg'on armiyasi "Islomiy davlat" ga qarshi qanchalik kurashmoqda?

Amerika va afg'on harbiylarining qo'shma operatsiyalari samara berib, "Islomiy davlat" ko'plab tumanlarda yo'q qilingan. Bir tomondan AQSh maxsus kuchlari amaliyotlar olib bormoqda, ikkinchi tomondan esa ular afg'on kuchlari bilan birga terrorchilarni nishonga olib kelmoqda.

Terrorchilar ustidan g'alaba yaqinmi?

Pentagonga ko'ra, "Islomiy davlat" strateglaridan biri Abdul Hasib yaqinda Mohmand vodiysida o'ldirilgan. Vodiy Nangarhor viloyatida joylashgan. Uning qatorida yana 35 jangari yo'q qilingan.

2016-yilning yozida yana bir lider, Said Xon ham dron hujumida o'lgan.

AQSh generali Jon Nikolson deydiki, terrorchilarni o'ldirish bilan g'alabani ta'minlab bo'lmaydi. Bu uzoq va murakkab mafkuraviy kurash, deydi qo'mondon, Vashintonda Senat yig'inida so'zlar ekan. Ekstremizmni yengish uchun jamiyatning har bir jabhasida ulkan o'zgarishlar qilish kerak, bu o'zgarishlarni esa mahalliy xalq o'z xohish va irodasi bilan amalga oshiradi, deydi general. Amerika va xalqaro hamjamiyat favquloqqa tahdidni bartaraf etish bilan band xolos. Uzoq muddatli barqarorlikka afg'on xalqining o'zi erishishi kerak.

2017-yil oxirigacha Amerika va Afg'oniston hukumati "Islomiy davlat" tamoman yer tishlatish niyatida.

Yaqinda Nangarhor viloyatining Achin tumanida AQSh o'zining eng katta bombasini terrorchilarga qarshi ishga soldi. 100 ga yaqin jangari o'lgan. Lekin guruhni yo'q qilish bilan terrorizm to'xtab qolmaydi, deydi qo'mondonlar.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG