“O'zbekiston hukumati Stokgolm teraktidan tazyiqlarni oshirish uchun foydalanmasligi kerak”, - deydi shved jurnalisti Elin Yonsson (Elin Jönsson). Andijon fojeasi haqidagi kitob muallifi, Markaziy Osiyoda, jumladan O'zbekistonda bir necha yillar ishlagan. U Shvetsiyada terrorchilik hujumiga qo'l urgan shaxs o'zbekistonlik ekanidan chuqur taassufda, lekin hayratda emas.
Uning aytishicha, o'zbekistonliklarning tez-tez terror xurujiga aralashib qolishayotgani sabablarini uzoq yillik turg'unlik, diniy ta'lim va ma'rifatning ta'qibda qolayotgani, ommaviy muhojirlik mashaqqatlaridan izlash kerak.
“O'zbek ayblanayotgani ma'lum bo'lgach, dastlab bu meni shokka tushirdi, ammo ortiqcha hayratlantirmadi. Chunki o'zbekistonliklarni terror xurujlarida ishtirok etishgani haqidagi ma'lumotlar kam emas edi. Qolaversa, o'zim bungacha Qirg'izistonda, O'shda bo'lib, o'zbeklar qanday qilib radikal tashkilotlar tuzog'iga tushib qolayotgani haqida syujet tayyorlab kelgan edim. Moskvada muhojirlar “Islomiy davlat” tuzog'iga tushgan bir necha kishi haqida gapirib berishgan edi. Shunga qaramasdan Stokgolm hujumi ortida o'zbekistonlik turgani jiddiy tashvishga qo'ydi. Men baribir hozirgacha uni (Rahmat Oqilovni) e'tiqodli odam deb hisoblamayman, chunki Shevtsiyadagi ko'plab taqvodor, dindor o'zbeklarni bilaman. Ular bunaqa emas. Yevropadagi o'zbeklar radikallashmoqda deyishga shoshmaslik kerak. O'zlarini topa olmayotgan muhojirlar ko'p, jumladan o'zbeklar orasida ham”, - deydi Yonsson.
7-apreldagi hujum Shvetsiyada qurbonlar bilan kuzatilgan ilk terrorchilik harakati sifatida qayd etildi. To'rt kishi qurbon bo'ldi, o'ndan ortig'i jarohatlandi. Terrorni keskin qoralab chiqqan hukumat shved jamoatchiligida nafrat qo'zg'atishni ko'zlagan bu mudhish voqea o'z maqsadiga yeta olmaganini ta'kidladi.
Elin Yonssonga ko'ra, Shvetsiya nafaqat o'zbeklarga, balki dunyoning turli davlatlaridan kelgan boshqa minglab musulmonlarga boshpana bergan. Shved jamiyati mazkur teraktdan so'ng ham muhojirlarni tahdid sifatida qabul qilayotgani yo'q.
“Bunday holatlar juda kam, aksariyat muhojirlar esa boshpanaga muhtoj odamlar. Jamoatchilik buni yaxshi biladi. Qolaversa, Shevtsiyada hukumat ekstremistik yo'lga kirgan yoki Suriyaga borib kelgan muhojirlar haqida ma'lumotga ega, bu nazorat qilinadi. Deylik, buni O'zbekiston bilan qiyoslasak, hukumat Suriyada, “Islomiy davlat” guruhida nechta fuqarolari borligi haqida ma'lumotga ega emas. Muttasil tazyiqlar odamlarning bu haqda gapirishlariga imkon bermaydi”, - deydi jurnalist.
Teraktlardan o'z maqsadida foydalanish istagidagi siyosatchilar Shvetsiyada ham topiladi, deydi Yonsson, ammo shunga qaramasdan bu mudhish voqea ketidan shved jamoatchiligi ko'rsatgan birdamlik qarshisida irqchiguruhlarning o'zlari sarosimada qolishgan.
“Siyosiy guruhlarning teraktlardan o'z maqsadida foydalanishi bor gap. Shvetsiyada ham millatchi guruhlar muhojirlarga nisbatan qonunlarni keskinlashtirish talabi bilan chiqishmoqda. Ammo birdamlik muhim. Bilmadim, bu haqda xorij axborot vositalari yozishganmi, yo'qmi - odamlardagi bu birdamlikni ko'rib, bizdagi ultramillatchi guruhlar g'azabga tushdi. Hatto politsiya o'ng kuchlar, millatchilar tomonidan terakt sodir etilishi mumkin degan xavotirni ham bildirib o'tdi. Birdamlik, o'zaro hamdardlik millatchilarni cho'chitib qo'ydi. Shvetsiyada o'ngchi ekstremistlardan kutilayotgan tahdid diniy ekstremizmga qaraganda kam emas”, - deydi jurnalist.
Elin Yonsson Shevtsiya teleradiokompaniyasi muxbiri sifatida O'zbekistonda bir necha yil ishlagan. U Andijon fojeasi haqida yozilgan“Qatliomni berkitish san'ati” kitobi muallifi. Shvetsiyadan boshpana topgan o'zbek faollarining aksariyati bilan ham yaxshi tanish. Keyingi yillarda Markaziy Osiyolik mehnat muhojirlariga oid bir nechta material tayyorlagan, jumladan radikal guruhlar tuzog'iga tushayotgan mehnat muhojirlari haqida ham.
Uning so'zlaroga ko'ra, so'nggi paytda o'zbekistonliklarning turli xurujlarda ayblanayotgani xavotirli. Buning ildizlarini diniy ma'rifatga qo'yilgan cheklovlar va tazyiqlardan izlash kerak.
“O'zbeklar sovet ittifoqi davrida islomdan mahrum qilindi, keyin Karimov keldi, ahvol yana deyarli shunday davom etdi. Nazarimda, ko'plarga islom haqida erkin ta'lim olish imkoniyatining o'zi berilgani yo'q. Qolaversa, dindor namozxonlarga nisbatan adolatsiz munosabat. Tuzumning o'zi, hammasi nazoratda, kirsa chiqolmaydi, chiqsa kirishga qo'rqadi. Albatta bunday sharoitga mahkum odamlarni turli ekstremistik oqimlarga qo'shilishi tezroq kechadi”.
Elin Yonsson deydiki, o'zbekistonliklar aralashgan teraktlar O'zbekistonda tuzumni yanada keskinlashtirish uchun sabab bo'lmasligi kerak.
“Men o'zbek hukumati bu teraktdan siyosiy maqsadda foydalanishidan qo'rqaman. O'zining targ'ibotida, xorijga chiqayotgan odamlar ustidan nazoratni kuchaytirishda. O'zi shundoq ham o'zbek maxsus xizmatlari Shevtsiyada juda yaxshi ishlaydi, aynan faollarni nazoratlash yuzasidan. Shuning uchun ham Stokgolmdagi voqealar xorijdagi siyosiy faollarni nazoratga olish istagidagi o'zbek hukumatiga qo'shimcha dastak berishi mumkin”, - deydi Elin Yonsson.
O'zbekistonlik Rahmat Oqilov Stokgolmda odamlarni yuk mashinasi bilan bostirishi oqibatida to'rt kishi o'lgan. U qilmishiga iqror bo'lgan va ayni paytda tergov-surishtiruv ishlari davom etmoqda.