Breaking News

Qirg'iziston ayollari radikallashayotgani haqiqatmi?


Qirg'iziston ayollari
Qirg'iziston ayollari

So’ngi oylarda Qirg’izistonda radikalizm, ayniqsa, diniy radikalizmning ayol qiyofasiga kirib borayotgani yuzasidan tashvishlar yangramoqda. Rasmiy doiralar tashabbusi bilan shahar-qishloqlarda oq-qora libosli xotin-qizlar aks ettirilgan va “Qay tomon ketayapmiz?” degan savol qo’yilgan ulkan bannerlar o’rnatilmoqda. Mavzu turli anjumanlar va yig’ilishlar kun tartibiga qo’yilgan.
Ayni paytda qator ulamolar xavotirlar jiddiy asosga ega emas, deb hisoblaydi.
Masala naqadar dolzarb, ayollar orasida radikal kayfiyatlar qanday sabablar bilan va qay ko’rinishda tarqalmoqda?

Shu haqda mahalliy mutaxassislar, jamoat arboblari hamda ulamolar fikrlarini o’rgandik.

Din ishlari bo’yicha Davlat komissiyasining boshlig’i Orozbek Moldaliyev axborotiga ko'ra, Suriya va Iroqqa ketgan qirg’izistonliklarning deyarli 25 foizi xotin-qizlardan iborat.

“Ayollar orasida ma’rifiy tushuntirish ishlarini kuchaytirish lozim, bu borada mahalliy nodavlat tashkilotlar hamda huquq-tartibot tizimlari hamkorlikda faoliyat ko’rsatmoqda”, - deydi mulozim.

Xorijlik kuzatuvchilar Farg’ona vodiysi, xususan, Janubiy Qirg’iziston ayollari orasida diniy radikalizm ildiz otayotgani haqidagi xabarlarga shubha bilan qaraydi.

“Aslida bu bor narsa va Janubiy Qirg’izistonda, asosan, ikki ko’rinishda namoyon bo’lmoqda, - deydi bishkeklik yozuvchi, sharqshunos va xavfsizlik masalalari bo’yicha taniqli mutaxassis Begijon Ahmedov. - Masalan, agar pinhona hujralarda xotin-qizlarga diniy ta’lim berayotgan otinchalar radikal oqimlarga aloqador bo’lsalar, besh-olti oy ichida tinglovchilarning ongini o’zgartirib ulguradi. O’z navbatida shogird opaxon-onaxonlar bu g’oyalarni farzandlari, oilalariga singdira boshlaydilar. Ikkinchi ko’rinish - ayollarning “jihod yo’lida” Suriyaga ketib qolishi”.

Suhbatdosh fikricha, mintaqa mamlakatlarining barchasida din sohasida anchagina erkinliklar mavjud, ko’plab diniy o’quv yurtlari ochilgan.

“Gap shu erkinliklardan foydalana bilishda. Masalan, diniy ta’lim muassasalari qanday faoliyat ko’rsatmoqda, nega yarim yashirin hujralar ildiz otgan - bu masalalarni o’rganish va nazorat qilish lozim”, - deydi Ahmedov.

Jalolobod shahrida joylashgan “Islom ta’limi markazi” atalmish nodavlat tashkilot rahbari ulamo Dilmurod O’rozov fikricha, ayollar orasida va umuman Qirg’iziston jamiyatida radikal kayfiyatlar tarqalayotgani haqidagi gap-so’zlar yetarli asosga ega emas, xavf-xatar bo’rttirib ko’rsatilmoqda.

“Men Janubiy Qirg’izistonda, xoh ayollar, xoh erkaklar, xoh yoshlar orasida bo’lsin, radikal kayfiyatlarni payqamayapman. “Hizb ut-Tahrir” va vahhobiylar ta’siri ham sustlashgan. Jamiyat ancha bosiq-vazmin bo’lib qolgan. Yaqindan buyon mamlakat shahar-qishloqlarida o’rnatilayotgan oq-qora libosli ayollar tushirilgan va “Qay tomon borayapmiz?” deya so’rayotgan ulkan bannerlar odamlar orasida jiddiy o’y-fikr uyg’otmagani mulohazaga loyiq hol”, - deydi ulamo.

“Menimcha, amalda davlatning o’zi dindorlarga nisbatan radikal siyosat olib bormoqda. Masalan, hijob, kiyim-libos masalalarida”, - deya davom etadi u.

O’sh viloyati O’zgan shahar ayollar qo'mitasining raisasi Matluba Musaboyevaning aytishicha, mahalliy davlat tizimlari hamda jamoalar pinhona diniy to’garaklar faoliyatiga chek qo’ydi.

Raisa jamiyatda ma’rifiy-mafkuraviy ishlarni kengaytirish lozimligini ta’kidlaydi.

XS
SM
MD
LG