G’arbda, jumladan, AQShda yuz bergan terror xurujlari ortidan mahalliy aholi orasida musulmonlarga qarshi fikrlar yangramoqda. Rasmiylar bu davlat siyosati emasligini ta’kidlaydi, ammo qattiqqo’l choralar ko'rish tarafdorlari soni ortmoqda. Bu holat Markaziy Osiyoda ham tashvish uyg’otayapti.
Mayrambek O’sh davlat universitetining chet tillar kulliyotida tahsil olmoqda. U Garb o’lkalaridan birida malaka oshirishni orzu qiladi. Mayrambek Amerikada musulmon muhojirlarga qarshi fikrlar yanray boshlaganidan taassufda.
“Albatta, bir-ikki siyosatchining gapi bilan Amerika musulmonlarga eshik yopmaydi, ammo hamma musulmonlarni ekstremistik harakatlarda gumon qilish o’ta noo’rin”, - deydi u.
Mayrambek G’arbda istiqomat qilayotgan birodarlar hayotidan uncha xabardor emas. Uningcha, bu borada ma’lumot oz.
Mahalliy universitet dotsenti Adhamjon Jo’rayev fikricha, G’arbda musulmon muhojirlarga munosabat oxirgi yillarda keskin o’zgarmoqda. Unincha, bu taranglik G’arb siyosatining mahsuli.
“Amerika ari uyasini qo’zg’ab qo’yib, uyadan chiqqan arilardan himoyalanish uchun shu ishlarni qilayapti. Vaholanki, hammani bir qolip bilan o’lchab bo’lmaydi, odam har xil. Ko’pchilik Amerikaga yaxshi orzu-niyatlar bilan boradi”, - deydi olim.
O’shlik uy bekasi Nasibaxonning aytishicha:
“Bir tarafdan, G’arb jamiyati xavotirini tushunish mumkin. Axir, har tomondan oqib kelayotgan qochqinlar orasida turli niyatli odamlar bo’lishi ehtimol. Lekin muhojirlarga to’sqinlik qilinsa, bu demokratik qadriyatlarga zid bo’ladi”.
Nasibaxon ayaning qarindoshlari anchadan beri AQShda istiqomat qiladi.
“Bilishimcha, u yerda musulmonsan, unday-bundaysan, degan gap-so’zlar yo’q. Qonunga rioya qilinsa bas”, - deydi aya.
Tilshunos hamda tarjimon Habibullo Tursunboyev ta’biricha, hozir G’arbda, xususan, Qo’shma Shtatlarda namoyon bo’layotgan musulmonlarga nisbatan tanqidiy nazar - ayrim siyosatchilarning saylovoldi “quroli” bo’lib qolmoqda.
“Albatta, "Islomiy davlat" degan guruhlarning ta’siri yo’q emas. Lekin, umuman olganda, bu hammasi - siyosatchilar chiqargan narsalar, siyosiy o’yinlar, deb o’ylayman. Oddiy odamlarning bunga aloqasi yo’q”, - deydi suhbatdosh.
Uning nazarida G’arb va Amerika davlat idoralari aholi orasida tushuntirish ishlarini kuchaytirmog’i lozim, toki islom dinining, musulmon ommasining terrorizmga daxli yo’qligini hamma aniq-ravshan bilsin, ishonsin.
“Musulmonlarga qarshi kayfiyatlar o’tkinchi ko’rinish. Ertami-kech G’arb ommasi, jahon ommasi hamma narsani tushunib yetadi, “Islomiy davlat” kabi terroristik guruhlarning ildizlari, ortida kimlar turgani fosh bo’ladi”, -deydi tilshunos Habibullo Tursunboyev.
U yaqin kelajakda hamma narsa oydinlashishi va o’z o’rniga tushishiga umid qiladi, ishonadi.