Yaqinda Saudiya Arabistoni terrorizmga qarshi qaratilgan va kamida 30 musulmon davlatni o’z ichiga olgan harbiy alyans tuzilganini e’lon qildi. Ushbu tashabbus Markaziy Osiyo o’lkalarida, xususan, Qirg’izistonda qanday baholanmoqda? “Amerika Ovozi” mahalliy arboblar hamda tahlilchilar bilan suhbatda bo’ldi.
Qirg’iziston parlamenti deputati Anvar Ortiqov fikricha, terrorizmga qarshi kurashga otlangan har bir kuch ijobiy munosabatga loyiq. Maqsad aniq, niyat to’g’ri bo’lsa bas, deydi u.
Hozircha rasmiy Bishkek Saudiya Arabistoni tashabbusiga munosabat bildirmagan.
“Bishkek nima deyishi mumkin? Bas, "Islomiy davlat" deyilmish tashkilot butun dunyoga xavf solayotgan ekan, unga qarshi harakatlarning hammasini qo’llashimiz lozim. Agar ortida boshqa maqsadlar bo’lmasa”, - deydi parlament deputati.
Jalol-Obod shahridagi Islom ta’limi markazi rahbari Dilmurod O’rozovning aytishicha, terrorizm, xususan, "Islomiy davlat" kabi terror guruhlariga qarshi kurash samarasi dunyo hamjamiyatining yakdilligiga bog’liq.
“Musulmon davlatlari alyansiga kelsak, maqsad nima, uni qanday amalga oshirishmoqchi, nima qilishmoqchi - masala shunda. Bilamizki, ko’p narsalarda Saudiya Arabistonining siyosati Amerika ortidan ergashadi”, - deydi u.
“Ayni paytda, “Islomiy davlat” Saudiya davlat tizimiga ham xatar kasb etadi. Aytaylik, Saudiyada monarxiya hukmron bo’lib, hokimiyat avloddan avlodga o’tib kelsa, "Islomiy davlat" targ’ib qilayotgan tuzum xalifalar saylanishini ko’zda tutadi. Bu esa monarxiyalar manfaatlariga zid. Ehtimol, birlashishga shu ham turtki bo’lgandir”, - deydi ulamo.
Uch koalitsiya tarkibida yuz mamlakat - ulkan kuch. Jiddiy natija esa ko’zga tashlanmaydi. Nega koalitsiyalar o’z harakatlarini muvofiqlashtira olishmayapti?
“Chunki maqsadlar uyg’un emas. Hamma ko’rpani o’z tarafiga tortyapti. Agar barchaning maqsadi amalda bir xil bo’lganda edi, bu urush allaqachon barham topgan bo’lardi. Aslida, urush umuman bo’lmas edi”, - deydi Dilmurod O’rozov.
Suhbatdosh aytadiki, musulmon davlatlari ulamolari asl islom dini mohiyatini ochib berish yo’li bilan terrorizmga qarshi kurashga salmoqli hissa qo’shishlari kerak.
Bishkekdan sharqshunos, xavfsizlik masalalari bo’yicha mutaxassis, polkovnik Begijon Ahmedov nazarida, umumiy dushman va xavfga qarshi kurashda G’arb va Sharq turli koalitsiyalarga bo’linishi to’g’ri emas.
“Qolaversa, har bir alyans o’z bilganicha harakat qiladigan bo’lsa, bu xalqaro miqyosdagi mojarolar, noxushliklarga olib kelishi mumkin. Mening fikrim - koalitsiyalar birlashishi, barcha mamlakatlar o’z moddiy, harbiy va boshqa resurslarini jam qilishi va Birlashgan Millatlar Tashkiloti rahnamoligi ostida, yagona markaz, yagona boshqaruv tizimi orqali hamjihatlikda kurash olib borishlari darkor”, - deydi Begijon Ahmedov.