Breaking News

Abdulaziz Komilov: Oqilov haqida Yevropani ogohlantirgan edik


O'zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov
O'zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov

O`zbekiston hukumati Shvetsiyaning Stokgolm shahrida yuz bergan terror xurujida ayblanayotgan Rahmat Oqilov haqida bayonot berdi. Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilovga ko'ra, diniy ekstremizmda ayblangan bu fuqaroning radikal tashkilotlarga aloqadorligi haqida Yevropa maxsus xizmatlari o'z vaqtida xabardor qilingan. Turkiya Rahmat Oqilovning “Islomiy davlat” guruhiga qo`shilish niyatida gumonlanib mamlakatdan deportatsiya qilinganini taqsdiqlagan. Samarqandda bo`lgan shved jurnalistlari Oqilovning qarindoshlari uning qilmishidan sarosimada ekani haqida yozmoqda.

Komilov terrorchilik harakatiga iqror bo`lgan Oqilov xususida Toshkentda tashkil qilingan matbuot anjumani doirasida gapirgan.

Komilov deydiki, Oqilovga nisbatan Samarqand huquq-tartibot organlari diniy ekstremizm ayblovi bilan jinoiy ish qo`zg`agan. O`zbekiston bu haqda Yevropa maxsus xizmatlariga ma'lum qilgan.

Boshqa manbalarning Komilovdan iqtibos keltirib yozishicha, Oqilov internet orqali “Islomiy davlat” guruhiga yollangan.

"Reyters" axborot agentligiga ko'ra, Oqilov 2015-yilda Suriyaga o`tish harakatida bo`lganida Turkiya politsiyasi uni Shvetsiyaga deportatsiya qilingan.

Bu xabar Turkiya tomonidan rasman tasdiqlangan. Turk matbuotining yozishicha, Oqilov, shuningdek, Sankt-Peterburgdagi portlashni amalga oshirgan Akbarjon Jalolov “Islomiy davlat” guruhiga qo`shilish gumoni bilan Turkiyadan chiqarib yuborilgan.

Shved jurnalistlari Stokgolm teraktini o`z bo`yniga olgan Oqilovning tug`ilgan shahri Samarqandda bo`lib, uning yaqinlari bilan gaplashgan.

Shved matbuotidagi maqolada yozilishicha, Oqilovning Samarqanddagi uyida to`rt farzandi qolgan, sobiq xotini Turkiyada yashaydi. Uning yaqinlari besh yil avval O`zbekistondan chiqib ketgan Oqilov dindorligi bilan ajralib turmagani, terrorchilik xuruji sodir etganiga ishonolmay qolishgani, bu voqea ularni sarosimada qoldirgani haqida aytishgan.

7-aprel kuni Stokgolmda yuk mashinasini odamlar ustiga haydab, terrorchilik xurujini sodir etganlikda ayblanayotgan Oqilov o`z aybiga iqror bo`lgan. Hujum oqibatida 4 kishi o'lgan, 15 kishi jarohatlangan. Shvetsiya sudi tergov jarayoni davomida Oqilovni qamoqda ushlash haqida qaror chiqargan.

Shvetsiyada o`zbeklarning Yevropadagi eng yirik jamoasi yashaydi. O`zbekistondagi diniy ta`qiblardan qochgan ko`plab musulmonlar shu mamlakatdan boshpana olgan. Oqilov ham Shvetsiyaga boshpana so`rab murojaat qilgan, biroq uning arizasi 2016-yilda rad etilgan va to`rt hafta ichida mamlakatni tark etish sharti qo`yilgan.

Shvetsiyada yashayotgan o`zbek faollaridan biri To`lqin Qorayev deydiki, bu mamlakat rahbariyati Oqilovning “Islomiy davlat” guruhiga aloqadorligi yuzasidan o`ta ehtiyotkor.

“Agar Oqilov “Islomiy davlat”ga yollangan bo`lganda edi, allaqachon uning hujumi o`sha guruh tomonidan tan olinardi. Lekin hozircha hech kim, uning o`zidan tashqari, bu hujumni o`z bo`yniga olgani yo`q. Shved matbuotidagi ma`lumotlarda uning hatto namoz o`qimagani, aroq ichib yurgani haqida xabarlar bor. Shvetsiya tomoni uni “Islomiy davlat” tarafdori deb aytayapti, xolos. Uning bu hujumi shahidlik, xalifat uchun emas, boshpana ololmay qolgani, O`zbekistonga qaytib borsa uni qamoq kutib turganiga ham bog`liqdek. Albatta, bular uning o`ta radikallashganini inkor etmaydi”, - deydi Qorayev.

Oqilov terrorchilik hujumini amalga oshirish jarayonida ijtimoiy tarmoqlar vositasida Rossiyadagi tanishlari bilan muloqotda bo`lgani ochiqlangan edi.

Shvetsiya sudi Oqilovni qamoqda ushlash haqida qaror chiqargan, uning o`zi jinoyatni tan olgan, ammo sabablari haqida hozircha ma`lumot yo`q.

“Shved tergov qo`mitasidan matbuotga sizdirilayotgan ma`lumotlarga ko`ra, tergov yakuni bir yilgacha vaqt olishi mumkin ekan. Bu Shvetsiyadagi birinchi terakt, shuning uchun ham bu juda sinchkovlik bilan o`rganilmoqda. Oqilov hozir hibsda yolg`iz saqlanmoqda, advokat bilan ta`minlangan”, - deydi Qorayev.

O'zbekiston hukumatining qayd etishicha, Rahmat Oqilov internet orqali “Islomiy davlat” guruhiga yollangan.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG