7-aprel kuni Shvetsiya poytaxti Stokgolmda yuk mashinasida odamlarni yoppasiga bosib, to'rt kishini o'ldirgan shaxs 39 yoshli o'zbekistonlik, to'rt bolaning otasi, deya gumon qilinmoqda. Lekin ism-sharifi mavhum. Shved tilidagi "Aftonbladet" axborot manbaiga ko'ra, ijtimoiy tarmoqlarda "Islomiy davlat" ni targ'ib qilib kelgan bu kishi hozirda hibsda. Politsiya bir necha odamni qo'lga olgan, ammo aniq ma'lumotlar mavjud emas. 15 kishi jarohatlangan. Gavjum savdo markazini nishonga olgan haydovchi qochib ketgan. Qidiruv davom etmoqda.
Bosh vazir Stefan Lofven so'zi bilan aytganda, bu voqea qonli terrorizmdir. Hujum sodir etilgan joyga borib, vaziyatni ko'zdan kechirgan Lofven deydiki, maqsad - demokratiyaga zarar keltirish, biroq bunga hech kim erisha olmaydi. Mamlakat va tuzum mustahkam, deydi u, bunday hujumlar bilan Shvetsiya xalqini qo'rqita olmaysiz. Dam olish kunlari motam e'lon qilingan.
Bu kabi xurujlar yaqin o'tmishda Yevropa bo'ylab bir necha shaharlarda ro'y berdi, xususan Fransiya, Britaniya va Germaniyada.
"Islomiy davlat"ga sodiq odamlar ular ortida turganlikda ayblandi, ayrim hollarda terror guruhi buni tan oldi.
Yevropa Ittifoqi: Shvetsiyaga hujum butun blokka hujum
Hozircha Stokgolmdagi voqea aynan kimning ishi ekani noma'lum. Shvetsiya qiroli Karl Gustaf xalqni bardam va bag'rikeng bo'lishga undab, o'lganlarning yaqinlariga hamdardlik bildirgan.
Yevropa Ittifoqi Komissiyasi rahbari Jan-Klod Yunker:
“Yevropaning eng ko'rkam, gavjum va tinib tinchimas shahri yovuzlik bilan yuzlashdi. Yevropa Ittifoqining bir davlatiga qilingan hujum hammamizga nisbatan hujumdir".
Germaniya rahbari Angela Merkel ham shunday fikrda.
Fransiyada Prezident Fransua Olland Stokgolmdagi voqeani dahshat va g'azab mahsuli, deya baholagan. Parijda o'lganlar ruhi uchun sukunat saqlangan.
Qo'shni Finlandiya rahbari Sauli Niinisto fikricha ham bu xuruj terrorizmdir. Daniya Bosh vaziri Lars Loekke Rasmussen esa qo'rqoqlarning ishi deb, Skandinav jamiyatlari osuda va farovon hayot kechirishda davom etadi, deya ta'kidlagan.
AQSh Davlat departamenti Shvetsiya xalqiga hamdard ekanini bayon etib, terrorizmga qarshi kurashni kuchaytirishga, xalqaro hamjamiyatni birga harakat qilishga chaqirgan.