Ikki yil muqaddam Qirg’izistonda, qishloq hukumatlari qoshida Din ishlari bo’yicha jamoatchilik qo'mitalari faoliyat yurita boshlagan edi. Bunday idoralar Qirg’iz Respublikasining din sohasida davlat siyosati konsepsiyasi asosida tashkil etilgan.
Mahalliy diniy qo'mitalar amalda nimalar bilan mashg’ul? Qanday masalalar ko’ndalang turibdi? Din va davlat munosabatlarini yuksaltirish, diniy savodxonlikni oshirish, taqvo bilan bog’liq salbiy ko’rinishlarning oldini olish uchun nima qilmoq kerak? Nega joylarda din xizmatchilarining saviyasi past, nega ular dolzarb masalalardan olis?
Mutaxassislar muammolar ko’pligini ta’kidlaydi.
“Amerika Ovozi” O’sh viloyati, Aravon tuman Nurobod qishloq hukumati qoshidagi Din ishlari bo’yicha jamoatchlik qo’mitasining raisi, yozuvchi va dramaturg Habibullohoji Idrisov bilan suhbatda bo’ldi.
“Din sohasida davlat siyosati konsepsiyasi 2014-2020-yillarda qilinajak tadbirlarni qamrab olgan bo’lib, o’lkada diniy ta’limni isloh qilish, aholi orasida ma'rifiy ishlarni kuchaytirish, diniy ekstremizm va radikalizm ko’rinishlarining oldini olishni ko’zda tutadi. Qishloq hukumatlari - davlat tayanchi. Tabiiyki, davlat ushbu o’z-o’zini boshqaruv tizimlari din sohasidagi siyosatda faol bo’lishini istaydi. Mahalliy diniy qo’mitalar shu tariqa tashkil topdi”, - deydi suhbatdosh.
Mazkur uyushmada qishloqning hurmatli insonlari, bilimdon va g’ayratli kishilar faoliyat ko’rsatmoqda. Qo’mita amaldagi vaziyat, din va davlat munosabatlari, turli dolzarb masalalar borasidamuloqotlar, uchrashuvlar o’tkazadi.
Suhbatdoshga ko’ra, mahalliy qo’mitalarning faoliyati xususida tegishli mezon qabul qilinishi aytilgan edi. Busiz, ya'ni qonuniy haq-huquqlarsiz, shuningdek, moddiy ta’minotsiz, jamoatchilik qo’mitalari to’laqonli ishlay olmaydi.
Habibullohoji Idrisov deydiki, mustaqillik yillarida din sohasi davlat e’tiboridan ancha chetda qoldi. Uningcha, aynan shu hol o’lkada noan’anaviy oqimlar ko’payishi, dindorlar orasida radikal kayfiyatlar paydo bo’lishining sabablaridanbiri bo’ldi.
Yozuvchi masjid imomlarining malakasini oshirish zaruriyatini ta’kidlaydi.
“Ularning aksariyati noan’anaviy diniy oqimlarga qarshi qanday kurasishni bilmaydi, chunki tegishli ma’lumotga ega emas. O’qish-o’rganishni esa istamaydi. Juma namozlarini o’tkazish bilan cheklanadi. Yuqoridagilarga hisobot uchun “aqidaparastlikka qarshi u dedim, bu dedim, yo’lini tanlaydi”, - deya davom etadi suhbatdosh.
Idrisov nazarida, diniy ta’lim islohoti aslida boshlangani yo’q.
“Hozircha gap-so’z bo’lyapti xolos. Aytaylik, maktablarda dinshunoslik fanlari juda zarur. Bunday saboqlarda turli dinlar borasida ma’lumot berilishi darkor, lekin bu fan uchun muallimlarni kim va qachon tayyorlaydi?”, - deydi Idrisov.
Habibillohoji aholining ayrim qatlamlarining nega radikallashib borayotganini, buning sabablarini chuqur tahlil qilmoq lozimligini urg’ulaydi. O’shanda ko’rilajak tadbirlar samara beradi.
“Radikal oqimlarga qo’shilayotgan kimlar? Tahlil qilib ko’rilsa, menimcha, masalan, turli tizimlardan nohaq jabr tortganlar. Boshqacha aytganda, to’lib-toshib, bu dunyodan to’yib ketganlar. Yana bir guruhi - romantik kayfiyatdagilar, bir ko’raychi, deganlar. Pul uchun ketayotganlar ham talay. Aytish joizki, bunday oqimlarning ta’siriga uchrab, zombi holiga kelganlar ham oz emas”, - deydi suhbatdosh.
Habibullohoji Idrisov mustaqillik yillari Qirg’izistonning turli davlat tizimlariga kriminal dunyo vakillari o’rnasha boshlaganini eslatar ekan, radikal diniy oqimlar faollari ham boshqaruv tizimlariga kelib qolishi ehtimolidan tashvish bildiradi. Uningcha, bunday ko’rinishning oqibatlari achinarli bo’lishi mumkin.
“Qirg’izistonda davlat, qo’shni o’lkalardagi kabi din ishlarini doimiy e’tibor va nazoratda saqlagani maqsadga muvofiq bo’ladi”, - deya so'zini yakunlaydi suhbatdosh.