Afg’oniston poytaxti Kobulda ro'y bergan portlashda kamida 35 kishi o'lgan, 40 dan oshig'i jarohat oldi. Ichki ishlar vazirligiga ko'ra, toliblar tomonidan portlatilgan avtobus shialar mahallasidan o'tib ketayotgan bo'lgan. Halok bo'lganlarning aksariyati Konchilik vazirligi xodimlaridir.
BMT ma'lumotlariga ko'ra, 1-yanvar va 30-iyun oralig'ida Afg'onistonda qariyb 1700 tinch aholi vakillari halok bo'lgan. Bu talafotlarning 20 foizi Kobul shahriga to'g'ri keladi.
Bu orada, Tolibon guruhi G’or viloyatining Tayvara va Faryobning Ko’histon tumanini o’z nazoratiga olgan.
Mahalliy manbalar xabarni tasdiqlar ekan, bu hududlarni qaytarib olish uchun jang davom etayotganini ta’kidlaydi. Aholi harbiylar quvvatlanmayotganidan shikoyat qiladi.
Faryobdan kelgan xabarlarga ko’ra, 700 nafar tolib Ko’histon tumaniga hujum qilgan. Tuman markazini nazoratga olgan isyonchilar tuman idorasi va politsiya qo’mondonligini yoqib yuborgan.
Yuzlab askarlar Tolibon tomonidan qamal qilingan. Ularga yordam yetib bormasa insoniy fojia yuz berishi mumkinligi aytilmoqda.
Faryob viloyatining viloyat sho’rasi Raisi Muhammad Same’ Xayrxoh Ko’histon tumanidagi vaziyat yuzasidan markaziy va mahalliy mas’ullarga shikoyat qilgan. Lekin hukumat tomonidan zarur chora ko’rilmagani, ayni damda Tolibonga qarshi qurol ko’targan aholi qo’llab-quvatlanmayotganini tanqid qiladi.
“Faryob xalqi markaziy hukumatning xom siyosatlari uchun qurbon bo’lmoqda”, - deydi Xayrxoh. U rahbarlarning kelishmovchiligi sabab olib borilayotgan siyosatni tanqid qiladi.
Faryob politsiyasining bildirishicha, qo’shimcha kuch taklif qilingan, ushbu yordamchi askarlar tez orada yetib kelishiga ishonch bor.
Har ikki tomonda talafotlar ko’pligi aytilmoqda. Lekin mahalliy rasmiylar bu borada aniq ma’lumot bermayapti.
Faryobning sakkiz tumani - Qo’rmoch, Qaysor, Almor, Bilchiroq, Xo’ja Sabzpo’sh, Davlatobod, Shirintagob va Ko’histon tumanlarida harbiylar va isyonchilar o’rtasida to’qnashuvlar davom etmoda.
Ayni damda G’or viloyatining Tayvara tumani ham toliblar nazoratiga o’tgan. G’or viloyati rasmiylariga ko’ra, Tolibon va harbiylar o’rtasidagi jang 16 soat davom etgan. Natijada tuman Tolibon tomonidan bosib olingan.
G’or hokimi Nosir Xoze’ning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, isyonchilar Hilmand, Faroh va Go’r viloyatidan kuch yig’ib, Tayvara tumaniga hujum qilishgan. Hokim qaqshatqich janglar davom etayotganini bildiradi. U markaziy hukumatdan harbiy yordam so’raydi.
Aholiga ko’ra, toliblar mazkur tuman kasalxonasiga kirib, shifokorlar va bemorlarni nishonga olgan, isyonchilar o’nlab insonlarning hayotiga zomin bo’lgan. Toliblar bu ma’lumotlarni rad etadi.
Faollar esa hukumatni tanqid qiladi. “Zarur yordam yetishmagani sabab Tayvara toliblar nazoratiga o’tdi”, - deydi jamoatchi faol Hasan Hakimiy.
G’or aholisining asosiy qismini shia-hazoralari tashkil qiladi. Sakkiz viloyat bilan chegaradosh G’orning uch qo’shnisi beqaror - Faryob, Sari Pul va Hilmand viloyatlari tez-tez qonli urushlarga guvoh bo’lib turadi.
Toliblar Qandahorning Nish tumaniga ham hujum qilgan. To’qnashuvlar natijasida 10 nafar harbiy va 15 isyonchi halok bo’lgan. Yaralangan toliblar soni 20 nafarni tashkil etadi. Askarlardan 6 nafari jarohat olgan.
Facebook Forum