Breaking News

Senatorlar: Harbiylar sonini oshirib Afg'onistonda g'alaba qilolmaymiz


Senator Jon Makkeyn Kobulda, Afg'oniston, 4-iyul, 2017-yil.
Senator Jon Makkeyn Kobulda, Afg'oniston, 4-iyul, 2017-yil.

Bir guruh nufuzli senatorlar Prezident Donald Trampni Afg'onistonda faqat askarlar sonini oshirib, urushda g'alaba qilib bo'lmaydi, deya ogohlantirmoqda. Amerika bu murakkab masalaga diplomatik jihatdan puxta yondashmayotgani bois senatorlar asabiy.

Har ikki partiya a'zolaridan iborat, besh kishilik delegatsiya shu hafta Kobulda bo'ldi. Ularga respublikachi senator Jon Makkeyn boshchilik qildi. Tramp ma'muriyati shu oy Afg'onistonga doir rejani e'lon qilishi kerak.

Mazkur strategiyada Tolibonga qarshi kurash uchun yana bir necha ming askarni safarbar etish haqida so'z boradi. Hozir Afg'onistonda amerikalik 8600 nafar harbiy bor.

"G'alaba uchun pishiq strategiya kerak", - deydi Makkeyn. "Sayyoraning eng qudratli davlati bu mojaroda qo'li baland kelishi lozim, buning uchun reja ishlab chiqayapmiz. Ammo strategiya hali ham ommaga e'lon qilinmagani odamni xunob qiladi", - dedi Makkeyn Afg'oniston rahbarlari bilan muloqotdan keyin jurnalistlar bilan ko'rishar ekan.

Senatorning aytishicha, bugun Afg'onistonga doir siyosatni muvaffaqiyatli deb bo'lmaydi.

Delegatsiyaning yana bir a'zosi, respublikachi Lindsi Grem Davlat kotibi Reks Tillersonni Afg'onistonga iloji boricha tezroq safar qilishga undadi. Bu davlatdagi elchixonada va Davlat departamentida bo'sh qolayotgan o'rinlarni to'ldirishga da'vat etdi.

"Bombalar uloqtiribgina urushni yutib bo'lmaydi. Harbiy sa'y-harakatlar bilan bir paytda olib borilishi lozim bo'lgan diplomatik choralar hali xom. Davlat kotibi bu masalaga e'tibor bermayotgani odamni xavotirlantiradi", - deydi Janubiy Karolinadan senator Grem.

Makkeyn taklifi shuki, muhim hududlarni hukumat nazoratiga qaytarish, Tolibonni aholi punktlariga yo'latmaslik va jangarilar bilan murosa izlash orqali urushga yakun yasasa bo'ladi.

"Kelgusi bir necha yil tinadigan mojaro emas bu. Jangarilar bo'sh kelayotganini bilsagina muzokara stoliga o'tiradi. Shu sababdan jang maydonida qo'limiz baland kelishi va muzokaralarga kirishimiz kerak", - deydi Arizonadan respublikachi senator Makkeyn.

Bugun Afg'onistonda Prezident Ashraf G'ani ma'muriyati siyosiy va xavfsizlikka doir islohotlar yetarli emasligi bois tanqidga qolgan, prezidentdan ishdan ketish talab qilinmoqda. Hukumatga qarshi siyosiy alyanslar paydo bo'lmoqda va ular tarkibida G'anining ma'muriyatidan a'zolar bor.

Afg'onistonda ahvol og'irlashgan va toliblar tobora ko'proq hududlarni egallab, yirik shaharlarga hujumlar qilmoqda va hukumat kuchlari safida katta talafotlarga sabab bo'layapti. Mamlakatning 34 viloyatidan 21 tasida shiddatli janglar ketayapti, deydi rasmiylar.

General-mayor Tariq Shoh Bahromiyning shu hafta aytishicha, Tolibon ajnabiy kuchlar yordamida shimoldagi muhim shahar Qunduzga hujum qilmoqchi. Shahar oxirgi bir yilda ikki marotaba jangarilar qo'liga tushgan edi. Qunduz katta avtomobil yo'llari orqali Mozori Sharif va Kobulga bog'langan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG