Afg'oniston shimolidagi harbiy bazaga uyushtirilgan hujum 140 zobitning o'limi bilan tugagan. Bir necha tolib o'zini portlatgan. 2001-yildan beri biror xurujda bunchalik ko'p mahalliy askar halok bo'lmagan edi.
Voqea Balx viloyatidagi Mozori Sharif shahridagi inshootda ro'y bergan. U yerda milliy armiyaning bir qismi joylashgan.
100 ga yaqin harbiy jarohatlangan. 10 tolib o'zini portlatgani tasdiqlangan.
Shuncha odam birga bazaga kirishi oldindan puxta rejalangan, deydi tergovchilar. O'zini Lutfulla deb tanishtirgan guvoh deydiki, u harbiy bo'la turib, bu inshootga qattiq tekshiruv ostida kirib chiqadi. Bir guruh toliblar qanday kirgani odamni dahshatga soladi, deydi suhbatdosh. Bu singari hujumlar ilk bor qilinayotgani yo'q. Ichkaridan yordam berilayapti, deya ishonch bildiradi Lutfulla.
Juma kuni peshin namozidan keyin askarlar yoppasiga o'qqa tutilgan. Boshqa bir guruh esa oshxonada askarlarni o'qqa olgan.
Tolibon vakili Zabihulla Mujohid e'lon qilishicha, aslida harakat 500 askarni yo'q qilgan, jumladan yuqori lavozimli zobitlarni. Xuruj 10 soat davom etdi, deydi u. Afg'on rasmiylariga ko'ra, bu yolg'on ma'lumot.
Toliblarning da'vo qilishicha, bu hujum afg'on armiya yaqinda Qunduz va Balxda bir qancha jangarilarni o'ldirganiga javobdir. AQSh ularga yordam berishda davom etarkan, ajnabiy askarlar ham nishonda, deyiladi toliblarning e'lonida.
Bugun Amerika kuchlari 2001-yildan beri qidirilgan Tolibon qo'mondoni Qori Toyyib o'ldirilgani haqida ma'lumot berdi. Qunduzdagi qo'rg'onida sakkiz qo'riqchisi bilan yo'q qilingan.
AQSh afg'on qurolli kuchlarini har tomonlama quvvatlashda davom etadi. Mozori Sharifdagi xurujda biror xorijiy askar halok bo'lmagan. Prezident Ashraf G'ani bugun bu harbiy bazaga borib, vaziyat bilan tanishgan.
Amerika harbiylari Afg'onistonni 2014-yilda tark etgan. 9000 yaqin maxsus kuchlar qolgan. Toliblar va "Islomiy davlat" 2016-yilda 7000 dan oshiq mahalliy askarni o'ldirgan.