Breaking News

Afg'oniston rasmiysi: Rossiya Tolibonga yordam bermoqda


Tolibon a'zolari
Tolibon a'zolari

Afg'onistondagi Uruzgon viloyati politsiyasi rahbarining mahalliy matbuotga aytishicha, Rossiya hududdagi Tolibon isyonchilarini qurol-yarog' va trening bilan ta'minlamoqda.

"Viloyatning turli qismlarida doktor kiyimidagi 11 rossiyalik, jumladan, ikki ayol to'rt tolib va bir afg'on tarjimoni hamrohligida yuribdi. Ular odamlarni hukumatga qarshi gij-gijlamoqda. Trening o'tkazib, yer minalarini qanday tayyorlashni o'rgatmoqda", - deydi politsiya rahbari G'ulom Foruq Sangariy.

Viloyat poytaxti Tirinkot yaqinida ham rossiyalik harbiy maslahatchilar yurgani aniqlangan.

Tolibon va Rossiya o'rtasida aloqalar kuchayayotgani haqida xabarlar ko'paygan. Moskva "Islomiy davlat" jangari guruhi yo'lini to'sish va uning Afg'onistondan Markaziy Osiyoga tarqalishining oldini olish uchun o'lkada ta'sirini oshirib bormoqda.

Rossiya tinchlik muloqotida vositachi bo'lish niyatida

Afg'onistonda Rossiya harbiylarining paydo bo'lgani AQSh va rasmiy Kobul xavotirlariga sabab bo'lmoqda. Ularga ko'ra, Moskva Afg'oniston armiyasi va boshqa guruhlarga qarshi kurashda Tolibonga yordam bermoqda.

Rossiya Tolibon bilan siyosiy aloqa o'rnatganini rad qilmaydi. Ammo Tolibonga maslahat va qurol-yarog' berayotgani haqidagi da'volarni inkor etadi. Kremlga ko'ra, Rossiya Tolibon bilan mamlakatda tinchlik o'rnatish yo'lida muzokara olib borish niyatida.

Ammo Rossiya va Tolibon munosabatlarining chuqurlashib borayotgani xavotirlarni yanada oshirmoqda.

Qunduz hokiminining o'tgan oy aytishicha, Tolibon "Islomiy davlat"ga qarshi kurashni kengaytirish uchun Rossiyadan qurol-aslaha va maslahat so'ragan.

Rossiyaliklar Hilmand viloyatida ham faol

Ko'plab tahlilchilar ham Afg'onistonda Tolibonning Rossiyadan ko'mak olgani sezilmoqda, deydi.

Kobullik ekspert Vohid Mujdaning aytishicha, Moskva Uruzgonga qo'shni Hilmand viloyatida Tolibonga yaxshi jihozlangan mobil klinika hamda yaralangan isyonchilarni davolash uchun zarur dori-darmonlar taqdim etgan.

Ko'plab afg'on qonunchilari Pokiston bilan chegaradosh hududlardagi Tolibon manzillariga rus harbiylari serqatnov bo'lib qolganidan xavotir izhor qilgan. Ular chegaraning Pokiston tomonida ham ko'zga tashlangan. Bu esa Tolibonni qo'llab-quvvatlash masalasida Islomobod bilan ham hamkorlik yo'lga qo'yilganini ko'rsatadi, deydi kuzatuvchilar.

Kobul va Vashington Rossiya-Tolibon aloqalaridan xavotrida ekanini ma'lum qilib, bu narsa xavfsizlik bo'yicha mamlakatdagi vaziyatni yanada izdan chiqarishini aytmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG