Rossiya tashabbusi bilan uyushtirilayotgan Afg’oniston bo’yicha xalqaro muzokaralarga Pokiston Qo’shma Shtatlarni ham jalb qilish tarafdori. Chunki AQSh Afg’onistonda bir necha yildan beri faol.
Rossiya 14-aprel kuni Moskvada afg’on xavfsizligi va Tolibon bilan murosani ko’zlovchi “mintaqaviy yondashuv”niamalga oshirish maqsadida bir necha mamlakatlar ishtirokidagi maslahatlashuvga mezbonlik qilishni rejalashtirmoqda.
Lekin Qo’shma Shtatlar Rossiyaning niyatlariga shubha bilan qararkan, bu yig’inda ishtirok etishdan bosh tortdi.
Moskva muzokaralaridan oldin matbuotga bergan intervyusida Pokiston bosh vazirining tashqi siyosat bo’yicha maslahatchisi Tariq Fotimiy Vashington ishtirokisiz bu anjumandan foyda yo’qligini, ko’zlangan maqsadga erishib bo’lmasligini aytdi.
“Qo’shma Shtatlar bir trillion dollar sarflab qo’ydi, yuzlab askar yo’qotdi va ayni damda ham qo’shinlari Afg’onistonda. Tabiiyki, Amerikaning bu siyosatdan manfaatlari katta”, - deydi Fotimiy.
Shu yil boshida bo’lib o’tgan muzokaralarda Afg’oniston,Pokiston, Eron, Xitoy, Hindiston vakillari ishtirok etgan edi. Endilikda Moskva Markaziy Osiyo davlatlarini ham taklif qildi.
Rossiya tashabbusi bilan uyushtirilayotgan jarayon Vashington ishtirokisiz ham Afg’onistonda tinchlikka yetaklashi mumkinmi degan savolga “Amerika ham jarayonga taklif etiladi degan umiddaman”, dedi Fotimiy o’z intervyusida.
Pokiston rasmiylarining fikricha,Tolibon bilan tinchlik muzokaralarini o’rnatishda Rossiya Tolibonga ta’siridan foydalanmoqda va Islomobod barqarorlik yo’lidagi har qanday harakat tarafdori.
“Rossiyaning xavotiri shuki, Afg’onistonda fuqarolar urushi uchun sharoit mavjud va bu zamin “Islomiy davlat” kabi terrorchilar markaziga aylanishi va ularning Afg’onistonga chegaradosh Markaziy Osiyo mamlakatlariga kirishi mumkin”, - deydi Pokiston rasmiylari.
Tolibon o’ziga raqib “Islomiy davlat” jangarilariga mamlakatda chuqurroq o’rnashib olishiga qarshilik ko’rsatar ekan, ularni hujumga olmoqda va Rossiya toliblarni bu ishda qo’llab-quvvatlayotgan ko’rinadi. Lekin Afg’oniston Prezidenti Ashraf G’ani Moskvani toliblar bilan aloqadan o’zini tiyishi kerakligi haqida yana bir bor ogohlantirdi.
“Dushmanimning dushmanini qo’llab-quvvatlash manfaatimga xizmat qiladi deb o’ylayotganlar adashadi. Terrorizmning yaxshi-yomoni bo’lmaydi. Shunday deb o’ylayotganlar xato qiladi”, - deydi G’ani.
Afg’oniston rahbari Kobuldagi matbuot anjumanida so’zlarkan, Rossiya ham terror xavfi bilan yuzlashayotganini aytib, yaqinda sodir bo’lgan xuruj yuzasidan hamdardlik bildirdi.
G’anidan Moskvadagi yigilishda qatnashish rejasi haqida so’ralganda “Biz hamkorlar bilan doimiy aloqadamiz, chunki barcha Afg’oniston barqarorligidan manfaatdor, notinch Afg’oniston esa hammaga birday zarar”, deb javob berdi. Shuningdek, G’ani Afg’onistonning hamkorlik markaziga aylanishi tarafdori ekanini aytdi.
Rossiya Tashqi ishlar vazirligi Vashingtonning rad javobidan afsusda ekanini bildirib, AQSh afg’on mojarosini hal etishda mihim rol o’ynashini qayd etdi. “Qo’shma Shtatlar mintaqadagi boshqa davlatlarning barqarorlik yo’lidagi harakatlariga qo’shilsa qurollangan afg’on muxolifatiga qurol ishlatishdan ko’ra muzokara olib borish kerakligini bildiradi”, - deyiladi vazirlik bayonotida.
Afg’oniston bilan tarang aloqalarini yumshatish maqsadida Pokiston diplomatik harakatlarini kuchaytirmoqda. Shuningdek, Britaniya vositachiligida o’tgan muzokaralarda erishilgan ikki tomonlama mexanizmni amalga oshirish muhimligi ham ta’kidlandi.
“Ikki davlat o’rtasida harbiylar darajasidagi muzokaralar oxirlab qoldi, kerak bo’lsa, ikki davlat tashqi ishlar vazirlari tez-tez o’zaro muloqot qilib turadi”, - deydi Fotimiy.
Afg’oniston ham, Pokiston ham davlatga qarshi harakatlanayotgan jangarilarni qo’llab-quvvatlagani haqidagi ayblovlarni rad etmoqda. Islomobod jangarilar oqimini nazoratga olish maqsadida chegara xavfsizligini bir tomonlama ravishda kuchaytirgach, ziddiyatlar yanada oshdi.
Kobul ikki davlat o’rtasidagi 2600 kilometrlik chegaraning ba’zi uchastkalari yuzasidan tortishar va chegarada to’siq tortilishiga qarshi holda bunday yondashuv bo’linib qolgan oilalar muammolariga muammo qo’shishini aytadi.