Breaking News

Kuchli qizlar - Afg'oniston kelajagi


Sima Azimiy, kung-fu klubi asoschisi
Sima Azimiy, kung-fu klubi asoschisi

Bir paytlar xotin-qizlarning ko’chaga chiqishi man etilgan Afg’onistonda bugun ayollar kung-fu singari sport turlari bilan shug’ullanmoqda. 20 yoshli Sima Azimiy o’z maktabini ochgan.

Sima Azimiy - qora belbog’li sportchi. Eronda qochqin bo’lib katta bo’lgan. O’sha yerda kung-fu bilan qiziqib, jiddiy shug’ullangan. Musobaqalarda qatnashib, hatto oltin medal olgan. Vataniga qaytishi bilanoq shu sohada jonbozlik ko’rsata boshladi. Qarshilikka uchradi.

“Qo’rqitishdi. Hozir ham doimiy tahdid ostidaman. Sport qizlarning ishi emas, degan xatlar olaman. Bizni oldinga siljishdan to’xtatishga urinayotgan tomonlar ko’p. Yovuz kuchlar. Biz esa qo’rqmaymiz. Sport bilan shug’ullanish faqat foyda keltiradi. Jamiyatdagi o’rnimizni bilamiz”, - deydi Sima.

U kung-funi Afg’oniston bo’ylab yoyishga bel bog’lagan. Kobuldagi maktabida 20 doimiy talaba bor. Bu ham katta gap, deydi sportchi.

“Klubimiz kengayadi. Boshqa viloyatlarda ham bo’limlar ochamiz. Xotin-qizlar boshqa sohalarda bo’lganidek bu yo’nalishda ham o’ziga xos o’ringa ega bo’ladi. Qay jabhada ishlaydi, qaysi qabiladan… Bizga farqi yo’q. Afg’on ayollari juda zahmatkash, tirishqoq, umidni boy bermay yashaydi. Noyob imkoniyat bu”, - deydi sportchi.

Simaga bunday fikrlashni otasi o’rgatgan. Imkoniyat izlash sirlarini qizi sport orqali kashf etayotganini ko’rib, Rahmatilla Azimiy bag’oyat mamnun. Sima uning faxri.

“Qizim maqsadga yetsin, iloyim. Omadini bersin. To’xtamasin, tolmasin. Xalqaro musobaqalarga borsin. Yutsin. Boshqalarga saboq berayotganini ko’rib quvonchimni yashira olmayman. Kuchli qizlar - kelajagimiz. Qizim juda irodali. Afg’onistonni tiklashda hissa qo’shadi”, - deydi ota.

Sima Azimiy haqiqatan ham namuna. Janubiy Osiyo o’yinlarida vatani uchun kurashadi. Yurtiga oltin medal bilan qaytmoqchi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG