Breaking News

Afg'oniston bolalar uchun eng xavfli o'lkalardan


Vatanida boshpanasiz yashayotgan bolalar BMT yordamida bilim olmoqda, Jalolobod, Afg'oniston
Vatanida boshpanasiz yashayotgan bolalar BMT yordamida bilim olmoqda, Jalolobod, Afg'oniston

Birlashgan Millatlar Tashkilotining ogohlantirishicha, Afg’onistonda bolalar salomatligi va to’yib ovqatlanishi og’ir masala bo’lib qolmoqda. Yosh nobud bo’layotganlar hamon katta sonni tashkil etadi.

Bu yili Afg’onistonda 9,3 milllion odam insonparvarlik yordamiga muhtoj. 5,6 millioniga darhol madad ko’rsatish lozim. Buning uchun esa kamida 550 million dollar kerak.

Afg’onlarning uchdan biri o’ta nochor va ilojsiz ahvolda, deydi BMT rasmiysi Yens Lerke. O’tgan yildagidan 13 foiz ko’proq.

“Bu yilning o’zida Afg’onistonda 38 ming odam uy-joysiz qolgan. Asosiy sabab – notinchlik. Pokistondan qaytayotganlar ko’p. Ular ham eng qashshoq toifa vakillaridir. Vatanga qaytgani bilan bu yerda ham boshpanasiz. Ularning hech narsasi yo’q. Har tomonlama ko’makka zor”, - deydi Lerke.

Lerke deydiki, yordamni uzoqni ko’zlab berish kerak. Sog’liqni saqlash va oziq-ovqat ta’minoti haqida jiddiy o’ylash zarur.

Bolalar va xotin-qizlar ahvoliga e’tiborni kuchaytirmasak, deydi BMT rasmiysi, millionlab dollar isrof qilinishi tayin. Bir tomondan ularni to’ydirish kerak. Ikkinchi tomondan esa ularning sog’ligini o’ylash zarur.

Minglab ayollar har yili oddiy xastaliklardan jon beradi. Homiladorligida ularning ahvoliga yaxshi qarashmaydi. 2015-yilda har 18 boladan biri bir yoshga to’lmay vafot etgan, davosi bor kasalliklardan.

UNICEF vakili Kristof Bulerak fikricha, to’yib ovqatlanmaslik va to’g’ri ovqatlanmaslik ko’zga ko’rinmas balo. Afg’on bolalarining 41 foizining imkoniyati cheklangan, har tomonlama zaif.

“Bola eng nozik pallalarda yetarlicha ovqatlanmagani sabab, yaxshi o’smay qoladi. Bu esa surunkali kasalliklardan dalolatdir. Go’dak boshidanoq xastaliklar changalida yashaydi. Unga nogirondek qarashadi. Maktabga ham borolmaydi. Butun umr kamsitiladi, ruhan eziladi”, - deydi BMT eksperti.

O’tgan 15 yildagi progressga qaramay 3,5 million bola Afg’onistonda maktabga borish imkoniyatiga ega emas. 75 foizi qizlardir.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG