Breaking News

Afg'onistonda ayrim maktablar harbiylar va jangarilar qo'lida


Kobul, Afg'oniston
Kobul, Afg'oniston

Afg'onistonda o'nlab bilim o'choqlari jangarilar va harbiylarning qo'rg'oniga aylangan.

Ta'lim vazirligidan Kabir Haqmal:

“Afsuski, 30 ga yaqin maktab bugun nafaqat toliblar balki davlat qurolli kuchlari tomonidan bosib olingan va ularga xizmat qilmoqda".

Inson huquqlari bo'yicha "Human Rights Watch" (HRW) tashkiloti ham o'tgan yilgi hisobotida bu haqda ogohlantirgan edi. Xavfsizlik kuchlari o'quv dargohlarini bemalol o'z maqsadlari yo'lida ishlatadi. Bolalar, ularning ilm olishi, o'qituvchilar va aholi manfaatlariga befarqlik kuchli.

Nangarhor viloyati
Nangarhor viloyati

Afg'on qurolli kuchlari va xavfsizlik agentliklari esa aslida ular bolalarni toliblardan himoya qilayotganini qayd etadi.

“Bolalar hayoti tahdid ostida. Shu bois ham maxsus kuchlar u yerlarga safarbar etilgan", - deya bildiradi Muhammad Radmanish, Mudofaa vazirligi rasmiysi.

Bag'lon viloyatida ikki maktab yopilgan, chunki hudud nihoyatda beqaror.

O'quvchilar bir necha oylab hech qayerga chiqa olmaydi. Sabab - atrofda Tolibon ko'paygan.

Kobul maktablarida
Kobul maktablarida

Bosh vazir Abdulla Abdulla fikricha, biror maktab yoki kasalxonaga bostirib kirish, uni nishonga olish yoki harbiy maqsadda qo'llashga yo'l qo'ymaslik kerak. Bu dargohlar "front emas", deydi u.

Lekin maktablar bo'sh yotgan bo'lsa va hududda maxsus operatsiyalar ketayotgan bo'lsa, bu obyektlar qo'l kelishi aniq, deydi Sidiq Patmon, ta'lim vazirining sobiq muovini. Xavfsizlik xizmati va armiya o'z infrastrukturasiga ega emas.

O'tgan 15 yil mobaynida millionlab afg'onlar bilim olish imkoniyatiga ega bo'ldi. Yuzlab maktablar va yuqori ilm dargohlari qurildi.

Ta'lim vazirligiga ko'ra, 2016-yilda 58 maktabda darslar to'xtab qolgan va 33 mingga yaqin o'quvchi vaqtida bilim ololmagan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG