Afg’onlar so’rovnomalarda yoki matbuot bilan suhbatda hukumatga ishonmayotganlarini aytadi. Buning sabablarini esa, xavfsizlik ta’minlanmagani, odamlarga ish o’rinlari yaratib berilmagani, ayniqsa, hukumatning xalqqa nisbatan e’tiborsiz ekani bilan izohlashadi. “Amerika Ovozi” shu mavzuda Juzjon hokimi bilan suhbatda bo’ldi.
Juzjon hokimi Mavlaviy Lutfullo Aziziyning so’zlariga ko’ra, bu viloyatda xavfsizlik bo’yicha vaziyat qoniqarli. Lekin Juzjon tinchini buzishga urinayotganlar ko’p. Shahar va tumanlarda bunga qarshi zarur choralar ko’rilgan. Hukumat idoralari ochiq, biroq hukumat xalqning barcha istaklarini amalga oshira olmayapti.
“Afsuski, Afg’onistonning barcha viloyatlarida vaziyat qoniqarli emas. Juzjon ham shimoliy viloyatlardan bo’lgani uchun, ham Afg’oniston Vitse-prezidenti General Abdulrashid Do’stumning tug’ilgan joyi bo’lgani tufayli mintaqa josuslik xizmatlari bu viloyat tinchini buzishga harakat qiladi”, - deydi Juzjon hokimi.
Hokimning qo’shimcha qilishicha, davlat rahbariyati mahalliy hukumatning vakolatlarini kerakli darajada oshirmagan, ba’zi qulayliklarni yaratib bergan. Bugun hokimlar vazirlarning har biri bilan to’g’ridan to’g’ri aloqada bo’la oladi. Oldingi hukumatda bu ish juda qiyin bo’lgan.
“Qayta qurish bobida ham Hamid Karzayning hukumati chog’ida Juzjonda hech qanday ko’zga ko’rinarli ish amalga oshmagan. Odamlarning ko’pchiligi hozirgi hukumatdan emas, oldingi hukumatdan norozi”, - Lutfullo Aziziy.
Hukumat korrupsiyaga qarshi kurashishni davom ettirishi kerak, deydi suhbatdosh. Bugun hukumat idoralarida tajribali poraxo’rlar bor. Ularni ushlab olish juda qiyin kechmoqda. Juzjon hokimi bu borada xalq hamkorligi ahamiyatli ekanini ta’kidlaydi.
“Xalq rozi bo’lishi uchun viloyatdagi barcha ishlarni ular bilan maslahatlashib amalga oshirish kerak. Hukumat rahbari rivojlanmagan viloyatlar rivojlanadi, deb va’da bergan. Juzjon o’sha rivojlanmagan viloyatlardan biri. Xalq istagiga tavajjuh bo’lmasa, norozilik oshadi. Agar xalqning istagi nazarda tutilsa, vaziyat qoniqarli bo’lishi mumkin”, - deydi Juzjon hokimi Mavlaviy Lutfullo Aziziy.
Xavfsizlikni ta’minlash uchun Juzjon politsiyasi soni juda oz. Chegaradosh viloyatlarga qaraganda bir necha baravar kam. Aziziy bu mushkulni hal qilish uchun bir necha bor markaziy hukumatga, ayniqsa, ichki ishlari vazirligi va milliy xavfsizlik kengashiga taklifnoma yuborgan, lekin muammo hanuz o’z holicha qolayotganidan xavotirda.
“Biz ozod etgan joylarni dushman (qurolli muxoliflar) qaytib ololmayapti. U yerlarda odamlar o’zlari aslaha ko’tarib xavfsizlikni ta’minlashga bel bog’lagan, ularga hech qanday imtiyoz berilmayapti. Biz ularni mahalliy politsiyaga kiritish uchun harakat qilmoqdamiz. 1000 nafar mahalliy politsiya tashkil etilishini so’raganmiz”, - deydi Aziziy.
Rahbariyat byudjetning 40 foizini mahalliy hukumat ixtiyoriga berish borasida xabar qilgan edi. Lekin hanuz bu amalda tatbiq qilinmagan.
Markaziy hukumatdan rozimisiz, deb so’radik Juzjon hokimidan.
“Shunday savollar menga juda og’ir kechadi, lekin aytishim kerak. Agar markaziy hukumatdan noroziman desam, hukumat namoyandasi bo’lganim uchun bu to’g’ri emas. Lekin agar xalq norozi bo’lsa, biz ham rozi bo’la olmaymiz. Xalqimiz amalga oshirilishi kutilgan loyihalar nega amalga oshmadi, degan savol beryapti, biz bu savollarga javob qaytarishimiz kerak. Harakat qilmoqdamiz”, - deydi Juzjon hokimi.
Mavlaviy Lutfullo Aziziy bu viloyatda xotin-qizlarga alohida e’tibor qaratilganini bildirar ekan, erkaklar va ayollar teng huquqli, deydi.
“Hukumat idoralariga borsangiz, ishlovchilarning 33 foizini ayollar tashkil etadi. Boshqa shaharlarda ko’chalarda yurgan xotin-qizlarni uchratishingiz mumkin. Lekin Shibirg’onda topmaysiz, chunki ular band. Muallima, universitetda o’qituvchi. Men Juzjon xalqidan roziman”, - deydi Aziziy.
Juzjon hokimining aytishicha, xalq hukumatdan rozi bo’lsagina, hukumat baland pog’onalarga ko’tariladi. Aksincha, agar xalqning noroziligi oshsa, hukumat ishonchni boy berishi tabiiy hol. Bu esa hukumatga zarar yetkazadi.
Juzjon hokimi Mavlaviy Lutfullo Aziziy bilan suhbatni tomosha qiling: