Breaking News

Afg'onistonning o'zbek ayol siyosatchisi: Xalq xizmatidaman


Soyra Shikib Fayzobod tumani vakillari bilan
Soyra Shikib Fayzobod tumani vakillari bilan

G’arb davlatlari yetakchiligida vujudga kelgan Afg’oniston hukumati so’nggi 15 yil mobaynida ayollarga ancha e’tibor qaratdi. Ayollar vazir, hokim, maslahatchi etib tayinlangan. Xotin-qizlar hayotini yaxshilash maqsadida yangi vazirlik ham joriy etildi. Biroq ularning turmushi mamlakat bo’ylab hamon juda og’ir. Gap bilan ish bitmaydi, dadil choralar ko'rish kerak, deydi o'zbek siyosatchi Soyra Shikib.

U - Juzjon viloyatining Fayzobod tumani hokimi. Soyra Shikib Shibirg’on yaqinidagi Zargarxona qishlog’ida tug’ilgan. Maktabni shu yerda tugatgan. Malakali o’qituvchi. Tolibon davrida uyiga qishloq bolalarini yig’ib ularga savod bergan, xavfga qaramay yosh avlod bilim olishi uchun harakat qilgan.

O'zbek siyosatchi Soyra Shikib AQShning Afg'onistondagi (sobiq) elchisi Jeyms Kanningem bilan
O'zbek siyosatchi Soyra Shikib AQShning Afg'onistondagi (sobiq) elchisi Jeyms Kanningem bilan

Soyra Shikib “Junbishi Milliy” partiyasida Ayollar idorasi rahbari bo’lib ishlagan. Bir necha yillardan beri rasmiy lavozimlarda. Huquq fanlari bo’yicha mutaxassis.

Shikib xonim Afg’onistonda tuman hokimligini egallagan birinchi ayoldir.

“Xo’jado’kka tumanida hokim bo’lib borib ishga boshlaganlarim esimda, xalq qizg’in kutib oldi .Men shu muhitning qizi edim. Odamlar savodsiz bo’lsalar-da, qizlari, avlodlari, bir joyga erishganlaridan xursand edilar. Bu vaziyatni ko’rib, yig’lagim kelgan edi”,- deydi arbob.

Soyra Shikib parlament saylovida ham o’z nomzodini qo’ygan, lekin yutmagan. Adolatsizliklar bo'ldi, deydi u, lekin umidi so'nmagan.

“O’zbeklarda bir maqol bor: yiqilgan polvon kurashdan to’ymaydi. Odam har qancha yiqilsa shuncha kuchli bo’ladi. Men ham shu maqolga tayandim. Kurashimni davom ettirdim. Tarixdan bilamiz, o’zbeklar yaxshi hukumat surgan, o’zbek ayollari ham hukumatda ishlagan. Men ham xalq xizmatchisi bo’lish orzusida edim. Shuning uchun sinovga qatnashib Juzjon viloyatining Fayzobod tumani hokimi etib tayinlandim”,- deydi Shikib xonim.

Siyosatchi Afg’oniston ayollarining hayotini murakkab va mashaqqatli deya ta'riflaydi, xususan o’zbek qizlari noma’qul urf-odatlar qurboni. Yaqin-qarindoshlarning salbiy fikriga qaramasan otasi uni quvvatlagan.

“Otam hamisha meni undar edi. Senda boshqalardan farqli iste’dod ko’rinadi, xalqqa xizmat qila olasan deb undar edi. Siyosiy ishlarni boshlaganimda katta qiyinchiliklarga duch keldim, lekin kurashni davom ettirdim. Jonim bilan ishladim, oilamni va yaqin-qarindoshlarimni qoniqtirdim. Bugun ular menga ishonadilar”,- deydi Shikib xonim.

35 yillik urush Afg’oniston xalqiga katta zarar yetkazdi. Eng ko’p jabrlangan qatlam, shubhasiz, xotin-qizlar.

Suhbatdoshimiz fikricha, hukumat ayollarga bergan va’dalariga amal qilmayapti. Biroq u xalqaro hamjamiyatdan mamnun.

“Urushlarda ayollar juda ko’p zarar ko’rganlar. Ba’zilar erini, ba’zilar aka-ukasini, ba’zilar otasini qo’ldan bergan. Men ham o’sha ayollardanman, ham turmush o’rtog’imni, ham inimni, ham otamni qo’ldan berganman. Shu narsalar meni pishirgan. Kurashdan qaytmas bo’lishimga sababchi bo’lgan. Boshqa ayollar uchun yo’l ochishimga sababchi bo’lgan. Bugun hukumat ayollarga ko’p imkoniyatlar yaratib berdik desa-da, ular aytayotganicha ishlar bajarilmagan. Lekin biz hech bir ish bo’lmadi ham deya olmaymiz, bugun ayollar medialarga chiqa oladi, ishlay oladi, siyosatga kira oladi, shu ham g’animat”,- deydi Shikib xonim.

Arbobb Malayziya, Turkiya va AQShga safar qilgan. Bilim va tajriba bilan qaytgan. Uning nazarida hukumat odamlarning qiyinchiliklarini o’rganib, muammoni qanday yo’l-yo’riq bilan hal etish zarur ekanini bilib olmasa, boshqaruv ham shunchalik qiyin kechadi.

Suhbatdoshimiz Amerikada Hillari Klinton prezidentlikka kelsa, Afg’oniston ayollariga yordam oshadi degan fikrda.

“Bu kishi (Hillari Kilinton) yaxshi ayol. Faoliyatlarini kuzatib boraman. Klintonning AQSh rahbariyatiga kelishi bilan afg’on ayollari, ayniqsa siyosatchi ayollar uchun yangi bir sahifa ochilishi mumkin deb o’ylayman. Amerikada ham qiyinchilik bo’lgan. Kilinton ham ko’p qiyinchililar bilan bunday bir bosqichga erishgan bo’lsa kerak. Shuning uchun orqaga qolib ketgan mamlakatlardagi ayollar vaziyatiga e’tibor birishi mumkin deb o’ylayman”,- deydi Soyra Shikib.

Afg’onistonda u kabi insonlar doimiy tahdid ostida faoliyat yuritadi. Shikib xonimga ham o’nlab marotaba tahdid bo’lgan.

“Qo’ya yotgan har bir qadamim tahdid. Xavfsizlik idoralari, razvedka idorasida maktublar bor. Lekin yuqori martabali maqomlarga murojaat qilganman, hech qanday tavajjuh qilmagan. Shu xalqning duosi bilan hanuz tirikman. Tahdidnomalarda terror, o’g’irlash, hujum qilishlari mumkinligi bildirilgan”, - deydi Shikib xonim.

Qishloq ayollari uchun ish o’rinlari yaratib berish kerak, deydi u. Tikuvchilik, dehqonchilik, bog’dorchilik singari sohalarda imkoniyatlar ochishga urinmoqda. Kompyuter va ingliz tili kurslarini ham yo'lga qo'yish taraddudida.

Siyosat - fuqarolar hayotini yaxshilash, deya izohlaydi Soyra Shikib.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG