Tolibon sobiq rahbari Axtar Muhammad Mansur AQSh havo hujumi natijasida halok bo’lgach, boshqaruvni Mulla Haybatulloh o’z zimmasiga oldi. To’qnashuvlar yana avj olmoqda.
Jamoatchilik Tolibondan Ramazon oyida to’qnashuvlarni to’xtatishni so’ragan edi, biroq harakat bunga ko’nmadi. Shimoliy viloyatlarning ayrim qismlarida vaziyat beqaror.
Afg’oniston Vitse-prezidenti general Abdulrashid Do’stum uzoq muddatdan beri Juzjon viloyatida. Tolibonga qarshi harbiy amaliyotlarni boshqarib kelmoqda.
Juzjon viloyatining Oqcha tumanida toliblar Shibirg’on shahrining Almo’g’il va Boyang’ur degan hududlarida harbiylar bilan o’q almashmoqda. So’nggi to’qnashuvlarda 16 jangari halok bo’lgan, 15 nafari jarohatlangan. Yetti jangari asirga olingan. Harbiylar qurol-aslaha musodara qilinganini aytmoqda.
Yetti soat davom etgan amaliyotda havo kuchlari ham ishtirok etgan.
Toliblar Almo’g’il va Boyang’urda o’zlariga qarorgoh barpo etgani aniqlangan. General Do’stum bunday qo’rg’onlar birma-bir yo’q qilinadi, deydi.
Faryob viloyatida ham janglar davom etmoqda. Afg’on harbiylariga ham, toliblarga ham zarar yetgan. Qaysor tumanining Bozorishox va Qaroiy degan hududlari hanuz Tolibon nazoratida.
Faryobning 33 qishlog’idan jangarilar quvib chiqarilgan. Tolibon qamalidagi 70 nafar harbiy ozod etilgan. To'qnashuvlar hanuz davom etmoqda.
Minglab odam urush tufayli uy-joyini tark etgan. Faryob hokimi Sayid Anvar Sodotning ma’lum qilishicha, 29 tolib halok bo’lgan. Harbiylardan olti nafari jon bergan. Yaralanganlar orasida 40 isyonchi va 10 nafar harbiy bor.
Faryob hokimining ta’kidlashicha, Tolibonning 100 mototsikli, og’ir va yengil aslahalari harbiylar qo’liga tushgan. To’qnashuvlar natijasida oddiy aholiga zarar yetmagan.
Matbuotga o’zini Tolibon guruhi so’zlovchisi deb tanishtirayotgan Qori Yusuf Ahmadiyning aytishicha, Faryobdagi to’qnashuvlarda afg’on harbiylaridan sakkiz nafari halok bo'lgan. Ikki tank qo’lga olingan va yana bir tank buzib tashlangan, deya iddao qiladi Tolibon vakili.
Ismi sir qolishini so’ragan mahaliy manbalardan biri ikkita tank Tolibon tomonidan yo’q qilingani va chegara qo’riqchilarining bir tanki guruh qo’liga tushganini tasdiqladi.
Mudofaa va Ichki ishlar vazirligi tomonidan tarqatilgan bayonotlarda har hafta yuzlab jangari halok bo’layotgani haqida xabar beriladi. To’qnashuvlarning aksariyati Qunduz, Balx, Bag’lon, Juzjon, Faryob va Hilmand viloyatlarida yuz bermoqda.