Breaking News

AQSh qonunchisi: Afg'oniston tinchligi uchun hamma hissa qo'shsin


Vakillar palatasi a'zosi Andre Karson
Vakillar palatasi a'zosi Andre Karson

Yaqinda Prezidenti Barak Obama Afg'onistondagi AQSh askarlariga kengroq vakolat berish haqidagi o'zgarishlarni ma'qullagan edi. Bundan buyon ular ko'proq havo amaliyotlarini amalga oshirish hamda afg'onlarga maslahatchilikdan tashqari ishlarda ham ko'maklashish huquqiga ega bo'ladi.

NATO Afg'onistondagi bazalarini saqlab qolishini e'lon qildi, ammo AQShning bu o'lka kelajagidagi roli aniq emas. Obama avvalroq yil oxirigacha askarlar sonini 9800 dan 5500 ga tushirilishini e'lon qilgan edi.

So'nggi o'zgarishlar ortidan bu rejaning shu holatda qolishi yoki qolmasligi haqida hech narsa aytilmadi.

Prezident o'z vazifasini boshlaganda Iroq va Afg'onistondagi urushlarni tugatishga va'da bergan. Ammo oradan sakkiz yil o'tib bu ikki o'lkada hanuz zo'ravonlik davom etmoqda. Urush olovi Suriya va Liviya kabi yangi o'lkalarga ham yoyildi.

Obamaning xorijdagi harbiy amaliyotlarni tugatishga qaratilgan harakatlari AQShning o'zida ham olqishlangan. Ayniqsa, demokratlar bu tashabbusni qo'llab-quvvatlaydi. Ammo buni amalga oshirish oson emas.

"Razvedka yoki mudofaa sohasida ishlaydiganlar bilamizki, regionni xavfsiz saqlash va terrorchilikka yo'l qo'ymaslik uchun u yerda AQSh askarlarining bo'lishi muhim. Savol shundaki, bu narsa uchun qancha resurs ajrata olamiz?" - deydi Indiana shtatidan demokrat kongressmen Andre Karson.

Kongressdagi ikki musulmon qonunchidan biri Karson Vakillar palatasining Razvedka qo'mitasi a'zosi. Uning aytishicha, AQShning Afg'onistondagi roli ziddiyatli, chunki mintaqada unga ishonch yo'q.

"Bir tomondan bizni hech bir ish qilmaganlikda, ikkinchi tomondan burnimizni suqayotganlikda ayblashadi. Qaysi biri to'g'ri? Xavfsizlik bo'yicha bizning himoyamizdan manfaat ko'rayotgan xalqaro hamkorlarimiz Afg'onistonni xavfsizroq qilish amaliyotida ishtirok etishi kerak", - deydi u.

"Islomiy davlat" terrorchi guruhi dunyo bo'ylab hujumlarni oshirishga zo'r bermoqda. Karsonga ko'ra, terrorga qarshi faqat AQSh kurashmasligi kerak.

"Xarajatlarni faqat biz ko'tara olmaymiz. Fors ko'rfazi va Yevropadagi hamkorlarimiz yordam bersin. Chunki hammamiz global jamiyat xavfsizroq bo'lishini xohlaymiz", - deydi kongressmen.

Afg'oniston ayni paytda isyonchi Tolibon guruhi bilan olishmoqda. Tolibon so'nggi oylarda hujumlar sonini oshirish bilan birga, odamlarni o'g'irlash amaliyotiga ham qo'l urmoqda.

31-may kuni Tolibon vakillari Qunduzdan Taxor viloyatiga boruvchi katta yo'lda avtobus va mashinalarni to'xtatib, 200 odamni o'g'irlab ketgan, garovga olinganlarning 17 tasini o'ldirgan. Mahalliy oqsoqollar olib borgan muzokara ortidan o'g'irlanganlarning ko'pi ozod qilingan, ammo 10 nafardan ko'prog'i hanuz Tolibon qo'lida ekani aytiladi.

17-iyun kuni poytaxt Kobulda yuzlab fuqarolar, xususan, huquq faollari va nodavlat tashkilotlar vakillari Tolibonning odam o'g'irlash amaliyotiga qarshi norozilik namoyishi o'tkazdi.

Ular hukumatdan yo'llarda xavfsizlikni kuchaytirishni talab qilgan. Hukumat binosiga qarab yurish qilgan namoyishchilar yo'lini politsiya to'sib qo'ygan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG