Breaking News

Afg’on giyohvandlarining 13 foizi xotin-qizlardan iborat


Afg'onistondagi Ruhiy kasalliklar va giyohvandlar kasalxonasi, 17-iyul, 2016-yil.
Afg'onistondagi Ruhiy kasalliklar va giyohvandlar kasalxonasi, 17-iyul, 2016-yil.

Afg’oniston narkotik moddalar yetishtirish, ekish va eksport qilish bo’yicha dunyodagi yetakchi mamlakatlardan biri. Narkotiklarga qarshi kurash vazirligining bayon etishicha, uch yarim million afg’on giyohvand moddalarni iste’mol qiladi. Ularning 13 foizini ayollar tashkil etadi. Bolalar soni ham, taxminan, shu miqdorda ekani aytilmoqda.

Ayollar taryakni ekish-yig’ish ishlarida qatnashmoqda. Ayni paytda og’ir ish bilan band xotin-qizlar hordiq chiqarish uchun taryakdan foydalanadi. Ayrimlar uchun tamaki chekish zamonaviylik belgisi. Bu omillar xotin-qizlarning giyohvandlikka berilishiga sabab bo’lmoqda.

Giyohvandlarga qaraydigan tibbiy markazlar juda oz. Mamlakatdagi 110 dargohning 30 tasi xotin-qizlarga mo’ljallangan.

Davolanib, sog’aydim deganlarning ko’pi ishsizlik yoki boshqa sabablar bilan yana narkotikka yuz tutadi. Juzjondagi giyohvandlarga qaraydigan kasalxona rahbari Abdulg’affor Xushivol vaziyatdan tashvishda.

“Ayol giyohvandlarning kun sayin ko’payib borayotganidan xavotirdamiz. Afsuski, bunday ayollar soni o’tgan yillarga qaraganda 10-15 foiz ko’tarilgan. Yanayam achinarlisi shuki, narkotikka berilgan ayollarni kasalxonaga olib kelishmaydi. Bu ishni o’zlariga or deb tushunishadi. Yoki bir ayolning 45-50 kuni mahallasi, oilasidan uzoqda, kasalxonada bo’lishi zarurligini ham odamlar g’alati tushunadi. Oilalar bunga ruxsat berishmaydi. Shunday ekan, ayol giyohvandlar soni yanada ko’payadi”, - deydi Abdulg’affor Xushivol.

Savodsizlik ham giyohvandlikning asosiy sabablaridan. Qishloq joylardagi savodsiz onalar bolalarini uxlatish uchun ularga oz miqdorda taryak berishadi. Azaliy odat, deydi shifokor.

Afg’onlar nazarida hukumat narkotik modda sotilishining oldini olishga harakat qilmayapti. Mutasaddilar sotuvchilarni tutish qiyin ekanini aytadi.

“Giyohvandlik umum Afg’oniston uchun katta muammo. Juzjondagi ayol mu’todlarni yig’ish, ularga qarash bo’yicha tegishli idoralarga aytganman”, - deydi Juzjon hokimi Lutfullo Aziziy.

Giyohvand ayollar narkotik sotib olishga pul topish uchun g‘ayri axloqiy ishlarga qo’l uradi.

“Ayollar farzandlar tarbiyasida katta rol o’ynaydi. Ota ishga ketganida, ona uyda o’tirib, bolalarining non-oshi, maktab-mullasidan xabardor bo’lishi kerak. Ularga qarashi zarur. Agar onaning o’zi narkotikka yo’liqqan bo’lsa, bolasi nima bo’ladi? U ham jamoa uchun zarar keltiruvchi shaxs bo’lib chiqadi”,- deydi Muhammad Ma’ruf ismli jamoatchi faol.

Ayol giyohvandlarning soni mamlakatda 850 ming nafarni tashkil etadi. 2014-yil ayol mu’todlar soni 250 ming nafar ekani taxmin qilingan edi.

Odamlarning narkotik moddalar zararidan bexabar ekanligi ham ularning bu muammoga yo'liqishiga sabab bo'layotgan asosiy omillardan.

XS
SM
MD
LG