Pentagon, AQSh Mudofaa vazirligiga ko'ra, Afg'onistonga nisbatan ishlab chiqilgan strategiya hozircha amalga oshirilmaydi chunki uning ko'p jihatlari hali xom.
Reja hali pishgan emas, deya tan oladi rasmiylar. Biroq Oq uy uni e'lon qilib bo'lgan va asosiy maqsadlardan biri deya belgilagan.
"Qilinadigan ishlar hali ko'p", - deydi Pentagon matbuot kotibi Robert Menning.
"Vazirlik qator qadamlarni tashlashi kerak".
Prezident Donald Tramp yangi strategiyani tanishtirganida umumiy gaplar bilan cheklangan edi. Tolibon va "Islomiy davlat"ga qarshi kurash qanchalik o'zgaradi va hozirgi siyosatdan farqi nimada? Bunga javob yo'q.
"Amerikaning dushmanlari bizning rejalarimiz haqida bilmasligi kerak. Kimni qachon qanday qilib nishonga olamiz, buni aytmaymiz", - deydi prezident.
"Amerika Ovozi" aniqlashicha, AQSh Afg'onistonga 4000 askar yuborishi mumkin. Hozirda 8000 dan oshiq qo'shin bor.
Mudofaa vaziri Jim Mattis ham strategiya ustida ish davom etayotganini tasdiqlab, har bir qaror Afg'onistondagi qo'mondon general Jon Nikolson berayotgan maslahatga asoslanadi, deydi.
Rahbariyatda afg'on zaminidagi maqsadlar va bugungi ahvol yuzasidan yakdillik yo'q, deydi ism-sharifi sir tutilishini so'ragan rasmiylar. Janubiy va Markaziy Osiyoga nisbatan ham hali biror yangilik yo'q. Mintaqa bilan aloqani tebratuvchi bosh diplomatlar tayinlanmagan. Amaldagilar muvaqqat holda ishlamoqda. Davlat xavfsizlik kengashi ham to'liq shakllanib, ishga tushmagan.
Bu vaziyatda yangi strategiya qabul qilish va uni ishga solish amri mahol. Lekin yil oxiriga borib, harbiylar va siyosatdonlar orasida biror kelishuvga erishiladi, oldinga qadamlar tashlanishi aniq, deya ishonch bildiradi "Amerika Ovozi" bilan gaplashgan mutasaddilar.
Facebook Forum